Namangan viloyat prokuraturasi va Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi hamkorligida aliment to'lovlarini undirish, voyaga yetmaganlarning huquq-manfaatlarini himoya qilish borasidagi tadbirlar davomida farzandi moddiy ta'minotidan bo'yin tovlab, yashirinib yurgan qarzdor otalar topilyapti.
Namangan viloyat prokuraturasi hamda MIB Namangan viloyat boshqarmasi bergan ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda aliment qarzdorlikni bartaraf etmagan 206 nafar fuqaroga nisbatan qidiruv e'lon qilingan. Olib borilgan tezkor harakatlar davomida joriy yilning o'tgan davrida ularning 56 nafarini topish choralari ko'rildi. Qidiruvdagilardan 112 mln. 800 ming so'm aliment mablag'i undirildi. 5 nafar qarzdor otalarga ma'muriy javobgarlik masalasi ko'rib chiqilib, qamoq jazosi qo'llanildi.
N.A. nima bo'ldi-yu, oilasi bilan ajrashib ketadi. Fuqarolik ishlari bo'yicha Yangiqo'rg'on tumanlararo sudining 2018-yildagi qarori bilan bir nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan. Biroq, u farzandi uchun aliment to'lamaslikning turli yo'llarini izlaydi. Davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan harakatlar davomida qarzdor ko'rsatilgan yashash manzilda yashamasligi aniqlanadi. Unga nisbatan 2020-yilning 27-yanvar kuni qidiruv e'lon qilinadi. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida qarzdor joriy yilning 26-mart kuni topilishi ta'minlandi. Hozirda aliment qarzdorligini undirish va javobgarlik masalasini hal etish choralari ko'rilmoqda.
Qidiruvga berilgan shaxslarni aniqlash va topish bo'yicha viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o'tkazilayotgan targ'ibot va qidiruv tadbiri davomida bevosita profilaktika suhbatlari ham o'tkazilmoqda. Jumladan, Namangan tumanida yashovchi, qidiruvga berilgan G'.J xonadonida uning otasi bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
Bu kabi tadbirlar viloyat bo'ylab davom etmoqda.