Mazkur kitob taniqli ijodkorlar Oshiq Erkini va Yangiboy Qoʻchqorov tomonidan tayyorlangan.

Buyuk mutaffakir, gʻazal mulkining sultoni Nizomiddin Gʻiyosiddin oʻgʻli Mir Alisher Navoiy hazratlarining maftunkor gʻazallariga birinchi muxammaslarni oʻz doʻsti, temuriylar saltanati taxti sohiblaridan biri Sulton Husayn Boyqaro bogʻlagan edi. Shundan buyon daho shoir gʻazaliyotiga minglab muxammaslar yozildi.

Yangi kitobga zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining katta avlodiga mansub Habibiy, Charxiy, Gʻafur Gʻulom, Chustiy, Sobir Abdulla, Vosit Saʼdulla, oʻrta avlodga mansub Dushan Fayziy, Jumaniyoz Jabborov, Oʻlmas Jamol, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Toʻlan Nizom, keyingi avlod vakillaridan Abdulla Oripov, Omon Muxtor, Muhammad Ali, Shafoat Termiziy, Komil Avaz, Omon Matjon, Hayotxon Ortiqboyeva, Farid Usmon, Ismoil Mahmud, Usmon Azim, Xosiyat Bobomurodova hamda poeziyamizning yangi boʻgʻiniga mansub isteʼdodli shoirlardan Sirojiddin Sayyid, Amir Xudoyberdi, Zikrilla Neʼmat, Zamira Roʻziyeva, Oʻktamoy Xoldorova, Xayola (Ruqiya Gʻoziyeva), Xurshida Vahobjon qizi, Sayyora Samandar va boshqa ijodkorlarning muxammaslari jamlangan.

Eʼtiborli jihati shundaki, toʻplamdan Qozogʻistonda tavallud topgan ajoyib shoira Soatoy Kamol qizi, qirgʻizistonlik taniqli shoir Mugʻanniy (Gʻanijon Xolmatov), tojikistonlik isteʼdodli oʻzbek shoiri Jamshid, turkman diyorida tugʻilgan, iqtidorli oʻzbek shoiri, dramaturgi, romannavisi boʻlib yetishgan Qurbon Muhammadrizo muxammaslari ham oʻrin olgan.