Mozori Sharif shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining buzib tashlangani haqida maʼlum boʻlishi bilan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izohlar olish maqsadida Afgʻoniston hukumati vakillari bilan bilan tezkor ravishda bogʻlandi.

Olingan maʼlumotlarga koʻra, Alisher Navoiy haykali oʻrnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada koʻrkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afgʻoniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida taʼkidlanib, afgʻon tarafi holat yuzasidan taassuf bildirdi.

Bundan tashqari Afgʻoniston hukumati vakillari nafaqat Oʻzbekiston, balki Afgʻoniston xalqi uchun moʻtabar boʻlgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga vaʼda berdi. Jumladan, hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qoʻyilishi rejalashtirilganini maʼlum qildi.

Afgʻoniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli boʻlgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qatʼiy sodiqligini bildirgan holda, uning nomini munosib eʼzozlash uchun barcha zarur choralar koʻrilishini taʼkidladi.