Kongress kun tartibidagi asosiy masala tashkilotga yangi Olimpiada sikli uchun rahbar saylash edi. Unda amaldagi prezident Alisher Usmonov gʻalaba qozonib, tashkilotdagi boshqaruvini davom ettiradigan boʻldi. 

Mazkur tadbirga rasmiy mehmon sifatida tashrif buyurgan Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax Alisher Usmonovni saylovdagi gʻalabasi bilan tabrikladi. Eslatib oʻtamiz, A.Usmonov 2008-yildan beri Xalqaro qilichbozlik federatsiyasini boshqarib kelmoqda. 

Quvonarlisi, saylov yakunlariga koʻra hamyurtlarimiz ham tashkilotning bir qator boʻlimlari tarkibiy qismiga kirishdi. Jumladan, Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi Bosh kotibi Gulnora Saidova targʻibot qoʻmitasi, Tokio-2020 Olimpiadasida referilik qilgan Aida Hasanova hakamlar qoʻmitasi tarkibiga kiritildi. 

Tadbir davomida 2023-yilgi jahon chempionati mezbonligiga da'vogar Toshkent shahrining taqdimoti namoyish etildi. Taqdimotni Oʻzbekiston MOQ va Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov hamda Gulnora Saidova oʻtkazishdi. Garchi u koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotgan boʻlsa ham, yakunda mezbonlik Milanga nasib etdi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi asli oʻzbekistonlik boʻlgan Alisher Usmonovni ushbu lavozimga qayta saylangani bilan muborakbod etib, uning kelgusi faoliyatida ham muvaffaqiyat tilab qoladi.