Mazkur Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning ulgurji savdosi sohasida litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillariga, shuningdek ularning ulgurji savdosiga doir talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatidagi vakolatlarini aniqlashtiruvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunda isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishga, shuningdek alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyatga berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini toʻlash muddati belgilanmoqda.
Bunda navbatdagi yillik toʻlov litsenziyadan foydalanishning keyingi yili boshlanishidan kamida 30 kun oldin toʻlanadi, keyingi toʻlov belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turiladi.
Shuningdek “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunga pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir, shuningdek tamaki mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosiga doir faoliyat vakolatli davlat organiga bunday faoliyat boshlanishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin ekanligini nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.