Xoʻsh, buning sababi nimada? Allergik kasalliklarni aniqlash va davolash borasida yurtimizda qanday ilgʻor tajriba va yondashuvlardan foydalanilmoqda?

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova shu haqdagi fikr-mulohazlari bilan oʻrtoqlashdi.

— Jahonda keyingi oʻn yil ichida allergik kasalliklar koʻrsatkichi 2 barobar oshgani xavotirli holat, — deydi I. Razikova. — Eng yomoni, uning oʻta ogʻir kechuvchi yangi turlari ham koʻpaymoqda. Bu ekologik muammolar, notoʻgʻri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari koʻp qabul qilish, kam xarakatlilik kabi omillar bilan bogʻliq.

Bundan tashqari, hozir ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda turli biologik aktiv moddalar reklamalariga zoʻr berilyapti. Ammo bu preparatlar baʼzan allergik kasalliklar rivojlanishiga sabab boʻlayotgani achchiq haqiqat.

Qolaversa, koronavirus insoniyat boshiga tushgan ogʻir sinov boʻldi. Bu xavfli infeksiyaga chalinganlarni davolashda antibiotiklar, ferment va garmon preparatlari, vitaminlar, qon suyultiruvchi vositalardan koʻp miqdorda foydalanish allergik kasalliklarni avj oldirib yubordi. Oqibatda anafilaktik shok, toksikoallergiya, Layella va Stivens-Djonson sindromi kabi oxiri oʻlim bilan yakun topadigan allergik kasalliklar koʻpaydi.

Markazimiz ana shunday xastaliklarni profilaktika va diagnostika qilish hamda davolashga ixtisoslashtirilgan. Bemorlar uchun 45 oʻrinli statsionar, konsultativ tashxis koʻyish poliklinikamiz, allergologiya, laboratoriya, fizioterapiya boʻlimlari, “astma va allergiya maktabi” faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda biokimyoviy, klinik va immunologik laboratoriya sinovlari oʻtkazilyapti. Oʻz navbatida, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Bemorlarni tekshirish va davolash uchun yuqori texnologiyalardan foydalanamiz. Masalan, “Alisei” diagnostika avtomat analizatori Italiyada ishlab chiqarilgan. Hozircha Oʻzbekiston boʻyicha sanoqli tibbiyot muassasalaridagina mavjud.

U orqali testlar eng ilgʻor deb hisoblangan “in vitro” usulida oʻtkaziladi. Yaʼni bir paytning oʻzida 500 dan ortiq antitanalarni aniqlash imkoniyatimiz mavjud. Ungacha qoʻllanilgan yarim avtomat analizatorda bu koʻrsatkichning maksimal miqdori 90dan ziyod edi.

Shu bilan birga, yosh cheklovlari yoʻq. Tekshiruvlarni istalgan paytda oʻtkazsa boʻladi. Turli dori vositalari taʼsiri test natijalariga toʻsqinlik qilmaydi. Bundan tashqari, shu kabi zamonaviy texnologiyalar yordamida 200dan ortiq turdagi allergiyalarni aniqlash imkoniyatiga egamiz. Vaholanki, 2-3 yil avval tashxis qoʻyishimiz mumkin boʻlgan allergiya turlari 50-60 ta edi, xolos.

Kelgusida Hindiston davlati tomonidan ajratilgan 1,5 mln. dollarlik grant mablagʻlari hisobidan markazimizga “Phadia 200” hamda “ISAAC” jihozlari keltirilishi rejalashtirilgan. Bu nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda allergologiya sohasida yangi diagnostika usullari qoʻllanilishiga asos boʻladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.