Mutaxassislar buni noyabr oyi mavsumiy allergik kasalliklarni davolashni boshlash uchun eng yaxshi vaqt ekanligi bilan izohlaydi. Chunki oʻsimliklar gullaganida allergiyadan aziyat chekmasalik uchun bemorlarga ayni shu davrda allergen spetsifik immunoterapiya (ASIT) usuli yordamida muolaja olish tavsiya etiladi.
— Sohamizda yangidan-yangi diagnostika va davolash usullari joriy etilmoqda, — deydi markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Shulardan biri allergen spetsifik immunoterapiya (AIST) deb nomlanadi.
Mutaxassisning qayd etishicha, ASIT allergik rinit va bronxial astmaning yengil hamda oʻrta shakllaridan aziyat chekayotgan 5 yoshdan oshgan bolalar va kattalarni davolashga moʻljallangan. Biroq bu usul atopik dermatit, oziq-ovqat allergiyasi muolajasida samara bermaydi. Immunitetni oʻzgartirmaydi.
Davolash kursi — 3-yildan 5-yilgacha. Muolajalar ikki — inyeksiya yoki sublingual usulda amalga oshiriladi. Ikkinchi shakl tabletka yoki tomizgʻi dorilarni oʻz ichiga oladi. Ammo har ikkisining samaradorligi bir xil.
Davolash jarayonini boshlash vaqti bemorning aynan nimaga allergiyasi borligi bilan bogʻliq. Masalan, daraxt gulchanglari xastalik qoʻzgʻatuvchisi boʻlsa, kech kuz, qish mavsumi va may oyigacha boʻlgan davr maqbul. Inyeksiya shaklida muolajani yil boʻyi davom ettirsa boʻladi.
Uy changlariga allergiyasi boʻlganlarni davolash ham kasallikning tinch davrida boshlanadi. Agar alomatlar mavjud boʻlmasa, muolajalarni yil boʻyi qoʻllash mumkin.