Allergik rinitni davolash va uning oldini olish uchun nimalarga amal qilish kerak?

    Kuz fasli kirib kelishi bilan koʻpchilikda turli surunkali kasalliklar qoʻzgʻaladi. Shulardan biri — allergik rinit. Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi ushbu xastalikka chalingan.

    Mazkur kasallik nima sababdan kelib chiqadi? Uni davolash uchun nimalar qilish kerak?

    Ushbu savollarga Sogʻliqni saqlash vazirligining otolaringologiya boʻyicha bosh mutaxassisi Ulugʻbek Ergashev javob berdi.

    — Allergik rinit burun shilliq qavatining yalligʻlanish kasalligi boʻlib, immunitetning turli allergenlarga qarshi oʻta kuchli javob reaksiyasi natijasida yuzaga keladi, — deydi mutaxassis. — Bunda tez-tez aksirish, burun oqishi, bitishi, koʻzlar qizarishi va qichishi kabi belgilar kuzatiladi. Allergik rinitning kelib chiqishida irsiy moyillik asosiy omillardan hisoblanadi.

    Bu xastalik mavsumiy — bahor va kuz fasllarida avj olishi yoki surunkali, yaʼni yil davomida kuzatilishi mumkin. Koʻpincha allergik rinit konyunktivit, bronxial astma, atopik dermatit kabi boshqa allergik kasalliklar bilan birga kechadi.

    Allergik rinitni vazomotor rinit, OʻRVI va anatomik nuqsonlar tufayli kelib chiqqan patologiyalardan farqlash uchun shifokor bemorning kasallik tarixini chuqur oʻrganib, qator tekshiruvlardan oʻtishni tayinlaydi.

    Jumladan, agar xastalik alomatlari maʼlum oʻsimliklarning gullash davriga mos kelsa, bu mavsumiy allergik rinitga ishora qiladi. Bunday holat oʻsimliklarning gullash davri bilan bogʻliq boʻlmasa, alomatlar doimiy tus olsa va allergenni aniqlash qiyinchilik tugʻdirsa, bu surunkali rinitdan dalolat beradi.

    Shuningdek, burun shilliq pardasi holatini oʻrganish uchun otolaringolog tomonidan rinoskopik tekshiruv oʻtkazilishi zarur. Aniq tashxis qoʻyish uchun qonning umumiy tahlili, bemor terisi va burun shilliq qavatidan namuna olinadi.

    Aksariyat hollarda yengil shakldagi allergik rinit antigistamin preparatlar yordamida davolanadi. Xastalik ogʻir shaklda kechsa, kompleks terapiya belgilanadi.

    Agar dori vositalariga qarshi koʻrsatmalar yoki ular samarasiz boʻlsa, bemorga desensibilizatsiya, yaʼni allergen ekstrakti dozasini bosqichma-bosqich oshirib teri ostiga yuborish buyurilishi mumkin. Bu amaliyotni bronxial astma va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari boʻlgan bemorlarda bajarish mumkin emas.

    Agar davolash samara bermasa, burunda doimiy shish va nafas olishning qiyinlashishi bilan bogʻliq holatlarda otolaringolog koʻrsatmasiga koʻra bemorga jarrohlik amaliyoti — quyi burun boʻshligʻining vazotomiyasi belgilanishi mumkin.

    Mavsumiy allergik rinit aynan kuzda qoʻzgʻalishining sababi shundaki, bu vaqtda havoda zamburugʻ sporalari, oʻsimliklar changi koʻp miqdorda boʻladi.

    Odatda, bu xastalik insonning kundalik hayotiga jiddiy taʼsir qilmaydi, ammo u ogʻir shaklda kechsa, bemorda uyquning buzilishi, ish qobiliyatining pasayishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.

    Kasallik profilaktikasi uchun eng samarali chora — allergenlar bilan aloqaga kirishishdan maksimal darajada saqlanish.

    Masalan, allergen boʻlib uy hayvoni yungi xizmat qilsa, uni uyda saqlashdan voz kechgan maʼqul. Allergik reaksiya oʻsimliklar changi va zamburugʻ sporlariga boʻlgan holda uyda va ish joyida havo tozalash tizimlaridan foydalanish tavsiya etiladi.

    Agar allergik rinitni uy anjomlari va jihozlari qoʻzgʻatsa, ularni tez-tez tozalash va almashtirish kerak boʻladi.

    Qolaversa, hammom va oshxonani mogʻorlardan holi tutish tavsiya etiladi. Shuningdek, xona ichidagi namlik darajasini kamaytirib, uni 25-50 foizgacha saqlash muhim.