— Anomal ob-havo sharoitida baʼzi bemorlarda sovuqdan allergiya kuzatilishi mumkin. Bu terida qizarish, shish, pufakchalar va qichishish kabi alomatlar bilan namoyon boʻladi, deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova. — Ana shunday belgilar qayd etilsa, allergolog-immunologga murojaat qilish va shifokor koʻrsatmasiga koʻra, maxsus sinamalarni topshirish zarur. Shundan soʻng mutaxassis tegishli davo muolajalarini belgilaydi.

Xoʻsh, bu turdagi allergiyaga moyilligi bor kishilar sovuqdan qanday himoyalanishlari kerak?

Avvalo, qalin kiyining! Qoʻlqop, bosh kiyim, sharf va issiq paypoqlardan foydalaning!

Izgʻirin haroratda koʻchaga chiqishdan avval shifokor tavsiya etgan himoya kremlari va maxsus malhamlarni qoʻllang!

Sovuq ichimlik va yeguliklar isteʼmol qilmang!

Yuvinish va choʻmilish chogʻida qattiq mochalkalardan foydalanmang!

Immunitetni mustahkamlovchi mahsulotlar, darmondorilar, temir, kalsiy, sink, kaliy, selenga boy taomlar isteʼmol qiling!