Allergiyasi bor bemorlar koronavirusga qarshi vaksina olishi mumkinmi?

    Allergolog Jasur Davlatov allergiyasi bor bemorlar COVID-19’ga qarshi vaksina olishi mumkin yoki mumkin emasligiga oydinlik kiritdi. Bu haqda «Vaksinauz» kanali xabar berdi.

    Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, allergik kasalliklarga chalingan bemorlarda bronxial astma yoki boshqa allergik kasalliklarni nazorat qilish mumkin bo‘lsa, emlash uchun qarshi ko‘rsatmalar mavjud emas. Nafasi qisilayotgan, burni oqib aksirayotgan, tanasi qichib, toshma toshgan bemorlar emlanishi kechiktiriladi.

    Ta'kidlanishicha, og‘ir allergik reaksiyalar, masalan, bronxial astma, ovqat allergiyasi, allergodermatoz COVID-19’ga qarshi emlashga qarshi ko‘rsatma emas. Oilaviy anamnezida allergik reaksiyalar bo‘lgan bemorlarni ham emlash mumkin. Faqatgina allergik kasalliklarning avj olgan davri emlash uchun vaqtincha qarshi ko‘rsatma hisoblanadi. Emlashni allergiyaning o‘tkir simptomlari tugagandan keyin va avj olmasdan oldinroq olish maqsadga muvofiq.

    Avvalroq O‘zbekistonda xususiy klinikalar «Sputnik V» vaksinasi bilan pulli emlash boshlagani haqidagi xabarga izoh berilgani, O‘zbekistonda koronavirusning qaysi shtammi eng xavfli ekani aytilgani haqida xabar berilgandi.