A'lochilar taqdirlandi

    Yurtimizdagi pedagogika oliy ta'lim muassasalarini yiliga o'n minglab talabalar bitirib, pedagog deya atalmish ulug' nomga sazovor bo'lmoqda.

    Bugun Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining bakalavriat bosqichini a'lo natijalar bilan yakunlagan iqtidorli bitiruvchi talabalarga imtiyozli diplom berish va taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

    Poytaxtimizning ma'naviy yuragi bo'lmish Adiblar xiyobonida o'tkazilgan tadbirda 29 nafar iqtidorli bitiruvchi taqdirlandi. Tadbirda ularning ota-onalari, universitet professor-o'qituvchilari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Bitiruvchilar ta'lim-tarbiya berish, pedagoglik kasbini o'rgatishda o'z mehnatini ayamagan mehridaryo ustozlarga minnatdorlik bildirdi.

    Shundan so'ng TDPU rektori Alisher Umarov iqtidorli bitiruvchi talabalarga imtiyozli bakalavr diplomi va esdalik sovg'alarni taqdim etdi. Tadbir so'ngida Abdulla Avloniy haykali poyiga gul qo'yildi.