Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlangʻich taʼlim fakulteti maktabgacha tarbiya va defektologiya kafedrasi tomonidan “Alohida taʼlimga muhtoj boʻlgan bolalarni oʻqitish va tarbiyalashning zamonaviy tendensiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiya inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, alohida taʼlimga muhtoj bolalarga sifatli taʼlim va tarbiya berishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, ilgʻor pedagogik tajribalarni ommalashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida oʻtkazildi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi vakillari, institutning hamda respublikamizning ilgʻor oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlari bilan birga Rossiya Federatsiyasi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Moskva xalqaro maktabgacha pedagogika akademiyasi, K.D.Ushinskiy nomidagi Yaroslavl davlat pedagogika universiteti, Qozogʻiston Respublikasi Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universitetidan professor-oʻqituvchilar, olimlar ishtirok etib, oʻz maʼruzalarini oʻqidi.
Konferensiyada inklyuziv taʼlimni joriy etishning dolzarb masalalari, maxsus pedagogika va defektologiya sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, raqamli texnologiyalarning taʼlim jarayoniga integratsiyasi, shuningdek, psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish masalalari keng muhokama qilindi.
Shuningdek, konferensiya doirasida seksiya yigʻilishlari tashkil etilib, unda ishtirokchilar oʻzaro tajriba almashish, innovatsion metod va texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirdi.
Tadbir yakunida konferensiya rezolyutsiyasi qabul qilinib, unda alohida taʼlimga muhtoj bolalar uchun oʻqitish sifatini oshirish, ularning ijtimoiy moslashuvini qoʻllab-quvvatlash, pedagog kadrlar malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Minajatdin QUTLЫMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.