Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova xuddi shunday patologiyalardan biri — dori isitmasi haqida maʼlumot berdi.

— Har bir inson organizmi individual xususiyatga ega, — deydi mutaxassis. — Shu sababli bir dori vositasi ikki bemorga ikki xil taʼsir koʻrsatishi mumkin. Biri shu malham tufayli kasallikdan xalos boʻlsa, boshqasi salomatligini xavf ostida qoldirishi hech gap emas.

Dori isitmasi organizmning qabul qilingan maʼlum preparatlarga nisbatan javob reaksiyasi sifatida namoyon boʻladi. Bundan asosan oʻzboshimchalik bilan, shifokor tavsiyasisiz turli dori-darmonlarni qoʻllovchilar aziyat chekishi ehtimoli katta.

Bunday sindrom odatda maʼlum bir dorini qabul qila boshlagandan soʻng 7-10 kunlar oraligʻida yuzaga keladi. Bemor doimiy yoki vaqti-vaqti bilan koʻtarilib turuvchi isitmadan aziyat chekadi.

Oqibatda bora-bora tana harorati 39-40 darajaga yetib, kuchli titroq paydo boʻladi. Qon tarkibida eozinofillar (leykotsitlar) soni ortib ketishi kuzatiladi.

Vaqt oʻtishi bilan isitmadan tashqari tanada dorilarga nisbatan yuqori sezuvchanlik alomatlari boʻlgan eshakemi, purpura, qizil toshmalar paydo boʻladi.

Baʼzi hollarda mazkur patologiya yanada ogʻirroq asoratlar — arterit, eksfoliativ dermatit, gemolitik anemiya, qonda trombotsitlar miqdori kamayishi bilan kechadi. Bunday simptomlar toki oʻsha preparatni qoʻllash toʻxtatilgunga qadar davom etadi.

Biroq tibbiy amaliyotda dori isitmasini aniqlash birmuncha murakkab jarayon. Buni barcha shifokorlar ham toʻgʻri tashxislay olmaydi. Oqibatda notoʻgʻri buyurilgan muolaja ayrim dorilarga yuqori sezuvchanligi boʻlgan bemorlar ahvolini yanada ogʻirlashtirib yuborishi xavfi mavjud.

Koʻpincha dori isitmasiga sulfanilamidlar, antibiotiklar, talvasa (sudorogi) va yalligʻlanishga qarshi preparatlar, zardoblar, yurak-qon tomir hamda markaziy asab tizimiga taʼsir koʻrsatuvchi dorilar hamda tarkibida yod saqlovchi kontrast moddalar sabab boʻladi.

Baʼzi hollarda yalligʻlanishga qarshi nosteroid dorilar, aspirin va uning analoglari, qolaversa, turli vitaminlar ham xastalikni qoʻzgʻatish xususiyatiga ega.

Bu borada mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.