Qarorga koʻra:
- har bir bolalar-oʻsmirlar sport maktabida (kelgusida yangi tashkil qilinadigan maktablarda ham) kamondan otish seksiya va boʻlimlari tashkil etiladi;
- har bir olimpiya zaxiralari kollejida (kelgusida yangi tashkil qilinadigan kollejlarda ham) kamondan otish boʻlimlari ochiladi;
- 2022/2023 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kamondan otish taʼlim yoʻnalishi ochiladi.
2021-yil 1-sentyabrdan:
kamondan otish sport turi boʻyicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning uch bosqichli tizimi joriy etiladi;
har yili anʼanaviy tarzda kamondan otish sport turi boʻyicha:
● Toshkent shahrida “Alpomish va Barchinoy” xalqaro turniri tashkil etiladi;
● Samarqand shahrida ayollar oʻrtasida “Toʻmaris kubogi” xalqaro turniri oʻtkaziladi;
● Buxoro, Qoʻqon, Samarqand va Xiva shaharlarida “Turizm va kamondan otish haftaligi” tashkil etiladi.
Qarorga koʻra shuningdek, 2022–2024-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamondan otish sport turi boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan sport bazalari (14 ta) tashkil etiladi.