11 yoshimda onam “Alpomish” dostonini aytib berarkan, pahlavonning qalmoq elidagi zindondan chiqib, zolimlardan qutulib, ona Vatani — Boysun-Qoʻngʻirotga qaytayotgan holatini bola tasavvurim bilan anglardim. Bu doston insonparvarlikdan saboq berardi. Adolatli va haqgoʻy, or-nomusli, sadoqatli boʻlish, el-yurtni sevish, uni yovlardan himoya qilishga oʻrgatardi. Shu qoʻshiqlar ohangida katta boʻldim. Ehtimol bu estetik tafakkurim shakllanishiga hissa qoʻshgan, baxshilikka ragʻbatimni oshirgan boʻlsa kerak.

Keyinchalik Oʻzbekiston xalq baxshisi Mahmatmurod Rajabovdan baxshichilik sirlarini oʻrgana boshladim. Bu sanʼatga muhabbat meni Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga yetakladi. Bu dargohda xalq ijodiyoti, folklor-etnografiya yoʻnalishida tahsil oldim. Nishon tumani madaniyat boʻlimi Oqoltin madaniyat markazida ishladim. Ayni paytda Qarshi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida baxshichilikdan bolalarga dars berib kelyapman. 2015-yili Qarshi shahrida oʻtkazilgan “Nafosat boʻstonim manim” viloyat koʻrik-tanlovida baxshichilik boʻyicha 1-darajali diplom bilan taqdirlandim. 2018-yili Madaniyat vazirligining Folklor-etnografik jamoalar va baxshi-shoirlarning “Nurli navolar” respublika koʻrik-tanlovi viloyat bosqichida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdim.

Yurtimizda baxshichilik sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada bir necha farmon va qarorlar qabul qilindi. “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlandi. Termiz shahrida Alpomish haykali, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga yodgorlik majmualari bunyod etildi. “Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni taʼsis etildi. Hozir Termiz shahrida baxshichilik maktabi, respublikamizdagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida folklor sinflari faoliyat yuritmoqda. Yuz jildli “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi, shuningdek, “Qoraqalpoq folklori” toʻplami nashr etilmoqda. Baxshi-shoirlar ijro etayotgan asarlarni yozib olish, ilmiy oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda. 2019-yilda Termiz shahrida ilk bor oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali jahon miqyosidagi yirik madaniy hodisa boʻldi. Bu oʻzgarishlarni koʻrib, “Alpomish endi yurtga, xalq orasiga butunlay qaytdi”, degan gap xayolimdan oʻtdi.

Bunday eʼtibor hayotimda katta iz qoldirdi. Qoʻlimdagi sozim bilan shahar, viloyat hamda respublika miqyosidagi madaniy tadbirlarda faol ishtirok etishga harakat qildim. Jumladan, mamlakat va viloyatning bayram tadbirlari, bir necha xalqaro festival, tanlov hamda madaniy tadbirlarda muntazam ishtirok etyapman. 2018-yili Termiz shahri, 2021-yili Nukus shahri, 2023-yili Guliston shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivallarida qatnashdim.

2018-yil Kitob tumanidagi koʻpkari xalqaro turnirida, Shahrisabz shahridagi maqomchilar I xalqaro festivalida, Toshkent shahridagi turizm, 2022-yili Buxoro shahridagi zargarlik va zardoʻzlik, 2023-yili Navoiy viloyatidagi sahro baxshilari, 2023-yili Qarshi shahridagi chanqovuz va sibizgʻa, “Maydon tomoshalari” xalqaro festivallarida muntazam qatnashib, terma va dostonlarimni aytib kelyapman.

Koʻplab shogirdlarim bor. Bugun ularning oʻziga xos noyob ovozi va ijro mahorati mutaxassislar va sanʼat muxlislari eʼtirofiga sazovor boʻlib kelmoqda. Shogirdlarim respublika, viloyat, shahar, tuman koʻrik-tanlovlarida nufuzli oʻrinlarni egallamoqda. Ular kuylagan terma va dostonlar tinglovchiga katta zavq-shavq bagʻishlaydi, kishilarni yaxshilikka chorlaydi, maʼrifat tarqatmoqda.

“Alpomish”, “Guroʻgʻli”, “Kuntugʻmish” kabi oʻnlab dostonlarni kuylab, yosh avlodga yetkazib kelayotganim qalbimga faxr bagʻishlaydi. “Vatanim”, “Oʻzbekistonim”, “Qashqadaryo”, “Nishonim”, “Qarisi bor”, “Oʻzbegim yigitlari”, “Alpomishning qaytishi”, “Tillar” kabi oʻttizdan ortiq termamda Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz farovonligini tarannum qilyapman.

Yurtimiz mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi arafasida xushxabar eshitdim. “Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Bu cheksiz gʻurur va iftixor berish bilan birga yelkamga katta masʼuliyat ham yuklaydi. Isteʼdodli shogirlar tayyorlab, elu yurtga xizmat qilish, oʻzbek baxshichilik sanʼati dovrugʻini dunyoga yoyish niyatimda katta dalda boʻladi.

Erkin OʻROLOV,

Qarshi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi oʻqituvchisi,

Oʻzbekiston Respublikasi xalq baxshisi