Amerika va Kanada turoperatorlari Oʻzbekistonga sayohat tiklanishini kutishmoqda

    Turizm 3 Iyul 2020 3766

    Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov mamlakatimiz ijobiy imijini targʻib qilish va chet ellik sayyohlarning yurtimizga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash doirasida AQSh va Kanadadagi sayyohlik agentliklari uchun onlayn brifingda ishtirok etdi.

    Tadbirga Oʻzbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov moderatorlik qildi. Brifingda AQSh va Kanadaning Oʻzbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlariga sayohatlar tashkillashtirishga ixtisoslashgan yetakchi sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, shuningdek madaniy-gumanitar doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

    Tadbir avvalida ishtirokchilarga mamlakatdagi pandemiya holati va epidemiologik vaziyatni normallashtirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, hukumatning chet ellik sayyohlarni qabul qilish uchun zarur boʻlgan infratuzilmani toʻliq tayyorlashga oid faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbariyati tomonidan pandemiyada xalqaro turizmni ragʻbatlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar, AQSh va Kanadadan turistik oqimlarni qayta tiklash istiqbollari, xorijiy sayyohlik agentliklari va turistlarga qoʻyiladigan talablar va tavsiyalar, mamlakatda sayyohlar xavfsizligini taʼminlash shart-sharoitlari hamda Oʻzbekiston ichki turizmini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Shu bilan birga, sohadagi tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotganligiga urgʻu berildi.

    Asosiy vazifa mehmonxonalar, sayyohlik kompaniyalari, mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari yopilishiga yoʻl qoʻymaslikdan iborat ekanligi taʼkidlandi.

    Ulugʻbek Azamov brifing ishtirokchilariga joriy yilning 1-iyunidan boshlab mamlakatning “yashil” va “sariq” mintaqalari ichki turizm uchun ochilishi, shuningdek, joriy yilning 15-iyunidan boshlab xorijiy mamlakatlardagi koronavirus bilan bogʻliq vaziyatdan kelib chiqib, xavf darajasi boʻyicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratilgan holda xalqaro reyslar qayta tiklanishi haqida soʻz yuritdi.

    AQSH va Kanada turizm sohasi vakillari respublikamizda sohani qoʻllab-quvvatlashga doir koʻrilayotgan chora-tadbirlarga katta qiziqish bildirishdi va turizmni qayta tiklashning turli jihatlariga oid savollar berishdi. Turizm sohasini tiklashni jadallashtirish va uni rivojlantirish uchun yangi vositalarni shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar, turizm biznesi uchun berilgan imtiyozlar, preferensiyalar, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimini kengaytirish, shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlariga yuqori baho berildi.

    Dunyo standartlari asosida ishlab chiqilgan “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sayyohlar uchun yangi sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi loyihasi videokonferensiya ishtirokchilarida alohida qiziqish uygʻotdi.

    Oʻzbekistonda sayyohlar xavfsiz boʻlishlarini taʼminlash uchun barcha sayyohlik obyektlarida sanitariya-gigiyena normalarining yagona talablar kiritilganligi taʼkidlandi. Oʻzbekistonning AQShdagi faxriy konsuli Kerol Lopez ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonning tarixiy-madaniy merosi haqidagi postlarning sezilarli darajada koʻpayganiga eʼtibor qaratdi.

    Oʻz navbatida, Ulugʻbek Aʼzamov respublikada milliy brendni ommalashtirish maqsadida mahalliy va xorijiy OAV vakillari hamda blogerlar uchun qator maqsadli tadbirlar amalga oshirilayotgani, bu esa Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi postlarning koʻpayishiga turtki berganini taʼkidladi.

    Bundan tashqari, raqamli mediaolamning rivojlanishi va soʻnggi 3 yil ichida mamlakatimizga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlar sonining koʻpayishi ham Internet tarmoqlarida oʻzbek kontentining faollashuviga sabab boʻldi.

    AQSh madaniy-gumanitar doiralari vakillari Oʻzbekiston-Amerika doʻstlik jamoalarini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Siyetldagi oʻzbek diasporasi faoli Fazliddin Shamsiyev Toshkent bilan doʻstlik aloqalarini kengaytirish uchun barcha imkoniyatlarini safarbar qilishi va mahalliy turoperatorlarni Oʻzbekistondagi yangi imkoniyatlardan xabardor qilishga tayyor ekanini qayd etdi.

    “San Diego Metro” jurnali muharriri Martin Kruming San-Diyego shahri vakillari va Oʻzbekistonning tarixiy shaharlaridan biri oʻrtasida doʻstlik hamjamiyatini yaratishga qiziqish bildirdi. Uning fikricha, bunday ittifoq Amerika shahrida oʻzbek brendini mustahkamlashga va Oʻzbekistonga sayohat qiluvchi amerikaliklar sonini oshirishga yordam beradi.

    Tadbir natijalariga koʻra, Amerika qitʼasidan Oʻzbekistonga turistik oqimni tiklash, epidemiologik vaziyat barqarorlashishi bilan AQSh va Kanada sayyohlik kompaniyalari uchun mamlakatimizga maxsus oʻrganish safarini tashkil etish, taklif etilayotgan sayyohlik yoʻnalishlari koʻlamini kengaytirish maqsadida muntazam muzokaralar olib borishga kelishib olindi.