Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ana shunday holatga chek qoʻyildi.

Tadbir davomida Samarqand tumanida yashovchi, 1985 va 1991-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi 2 fuqaroni Amerika Qoʻshma Shtatlariga yuborish uchun ularning har biridan 30 mingdan, jami 60 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Aniqlanishicha, ularni “Oʻzbekiston-Turkiya-Boliviya-Kolumbiya-Meksika-AQSH” yoʻnalishi orqali Qoʻshma Shtatlarga yuborish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ularga yoʻlga chiqishdan avval PSR-test maʼlumotnomasiga va hisobida 4 ming AQSH dollari boʻlgan VISA-kartaga ega boʻlishlari kerakligi hamda har bir davlat hududida ularni kuzatib qoʻyuvchi shaxslarning talablarini, jumladan, Amazonka daryosining Kolumbiyadan oqib oʻtuvchi qismidan va Meksikaning oʻrmonlaridan oʻtib olish boʻyicha talablarini bajarishlari zarurligi tushuntirilgan.

Bundan tashqari, tadbir davomida hibsga olingan shaxslarda 60 nafardan ortiq fuqarolarning pasport nusxalari borligi ham aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.