“Amir Bahodir Yalangtoʻsh” filmi premyerasi boʻlib oʻtdi

    Samarqanddagi “Moʻjiza” amfiteatrida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda “Ezgu film” studiyasi tomonidan yaratilgan “Amir Bahodir Yalangtoʻsh” tarixiy-badiiy filmining premerasi oʻtkazildi.

    Tadbirning rasmiy ochilish qismida Agentlik direktori Firdavs Abduxoliqov, viloyat hokimi Erkin Turdimov, Agentlik direktori oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, tarix fanlari doktori Erkin Musurmonov soʻzga chiqdi.

    Shuningdek, filmning ijodiy jamoasi aʼzolari: prodyuser Zafar Yoʻldoshev, rejissyor Jahongir Ahmedov, ssenariy mualliflari Hasan Toshxoʻjayev (va Jahongir Ahmedov), aktyorlar Habibulla Nizomov, Boir Xolmirzayev, Matyoqub Matchonovlar tomoshabinlarga tanishtirildi. Undan keyin «Amir Bahodir Yalangtoʻsh» tarixiy-badiiy filmining Samarqand shahridagi keng jamoatchilik uchun namoyishi oʻtkazildi.

    Kinokartinada buyuk sardor, Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangtoʻshning hayot yoʻli va faoliyati hikoya qilinadi. Amir Yalangtoʻsh avvalo mohir harbiy sarkarda edi. U Buxoro xonligining ikki sulola davrida ham barcha harbiy yurishlarda ishtirok etgan, yirik gʻalabalarni qoʻlga kiritgan. Ammo uning Abdullaxon davridagi harbiy yurishlari haqida koʻp narsa maʼlum emas.

    Lekin Ashtarxoniylar davlatining mustahkamligi, chegaralar daxlsizligi, tashqi dushmanlarning tajovuzlariga qarshi turishda Nizomiddin Yalangtoʻshning xizmati buyukdir.

    30-may, payshanba kuni Toshkent shahrida ham «Amir Bahodir Yalangtoʻsh» filmining katta premyerasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Zuhra MELIBOYEVA,

    talaba