Unda kinoshunos olimlar, rejissyorlar, aktyorlar, yosh tadqiqotchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir milliy kinematografiya tarixini ilmiy jihatdan o‘rganish, uning zamonaviy talqinlarini tahlil qilish, kino san’ati orqali milliy qadriyatlar va tarixiy xotirani mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Aytish joizki, bunday anjumanlar nafaqat soha mutaxassislarini bir maydonga jamlaydi, balki milliy kino san’atining bugungi holati va istiqbolini chuqur tahlil qilishga ham xizmat qiladi.
Anjuman davomida so‘nggi yillarda mamlakatimizda kino sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan filmlar mazmun-mohiyati hamda milliy kino san’atining kelgusi rivojlanish yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, kino san’ati nafaqat madaniy soha tarmog‘i, balki jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish, milliy g‘oya va qadriyatlarni targ‘ib etishda muhim o‘rin tutadigan ta’sirchan vositalardan biridir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 – 2025-yillar davomida mamlakatimizda jami 390 ta kinomahsulot ishlab chiqarilgan. Ular orasida 61 ta badiiy film, 77 ta hujjatli film, 26 ta animatsion film, 88 ta qisqa metrajli film, 3 ta badiiy-publitsistik loyiha, 11 ta kinojurnal, 19 ta serial hamda 105 ta videorolik mavjud. Bu raqamlar milliy kino sanoatidagi ijodiy faollik tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Anjumanda, shuningdek, 2024 – 2027-yillarga mo‘ljallangan “Tirik tarix” kinofilmlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Mazkur dastur asosida 21 ta badiiy va 33 ta badiiy-publitsistik, jami 54 ta kinoasar yaratish rejalashtirilgan.
Dastur doirasida yaratilgan “Bahodir Yalangto‘sh”, “Ajiniyoz”, “Maxtumquli Firog‘iy”, “Ulug‘ Amir va donna Mariya” kabi filmlar xalqaro kinofestivallarda ham munosib e’tirofga sazovor bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, “Maxtumquli Firog‘iy” filmi dunyoning yigirmadan ortiq mamlakatlarida namoyish etildi va bir qator xalqaro mukofotlarni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili taqdimoti bo‘lib o‘tgan “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi ham tomoshabinlar va kino mutaxassislari tomonidan iliq kutib olindi.
Anjuman doirasida kinoshunos olimlar va mutaxassislar turli yo‘nalishlarda ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Xususan, tarixiy, badiiy, hujjatli, animatsion hamda qisqa metrajli filmlar va seriallar bo‘yicha maxsus taqdimotlar o‘tkazilib, ularning g‘oyaviy-badiiy jihatlari atroflicha tahlil qilindi.
Tadbir davomida mutaxassislar milliy kinoning jamiyat hayotidagi o‘rni va uning ma’naviy ahamiyati haqida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hilol Nasimov kino san’ati yoshlar ma’naviyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
— Avvalo, yaratilayotgan filmlar xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilishi lozim. So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami barchamizga ma’lum. Ayniqsa, kino sohasida ham katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Davlatimiz rahbari bugungi murakkab va tahlikali zamonda jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishda kino san’atining o‘rni beqiyos ekanini doim ta’kidlab kelmoqdalar, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, kino millionlab insonlarning qalbiga yo‘l topa oladigan, ta’sir kuchi beqiyos bo‘lgan san’at turidir. Shu bois u orqali yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, milliy qadriyatlar va tarixiy merosni targ‘ib etish imkoniyati juda katta.
— Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Tirik tarix” dasturi bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyiha orqali xalqimizning ming yillik tarixi kino tilida keng jamoatchilikka yetkazilmoqda, — dedi Hilol Nasimov.
Uning fikricha, tarixiy filmlar yaratishda professional aktyorlarning ishtiroki, obrazlarning ishonchliligi va tarixiy muhitning haqqoniy aks ettirilishi film muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
— Kino, avvalo, tomoshabin uchun yaratiladi. Shuning uchun aktyor tanlovi, obrazlarning tabiiyligi va davr muhitining ishonchli tasviri har bir filmning ta’sirchanligi va muvaffaqiyatini belgilaydi, — dedi u.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan kino sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga ilmiy baho berilib, yangi loyihalar, ijodiy g‘oyalar va istiqbolli tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Kinematografiya agentligi Kinoloyihalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Xayitov bunday ilmiy-amaliy anjumanlar milliy kino san’atini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
— Bugungi anjumanda o‘tgan yil davomida yaratilgan turli janr va yo‘nalishlardagi filmlar tahlil qilinmoqda. Kinoshunos olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar tomonidan badiiy, animatsion va hujjatli filmlar bo‘yicha maxsus ma’ruzalar taqdim etilmoqda. Bu tahlillar kino ijodkorlari uchun muhim xulosalar chiqarishga xizmat qiladi, — dedi u.
Uning ma’lum qilishicha, o‘tgan yil davomida Kinematografiya agentligi tomonidan turli yo‘nalish va janrlarda jami 200 dan ortiq kino mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Jumladan 30 ta badiiy, 18 ta hujjatli, 29 ta qisqa metrajli, 49 ta animasion filmlar, 28 ta kinojurnal va 47 ta videorolik yaratilgan.
Shuningdek, Prezident qarorlari asosida amalga oshirilayotgan “Tirik tarix” kinofilmlar dasturi doirasida 21 ta badiiy va 33 ta badiiy-publitsistik film yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragi mobaynida Ikkinchi jahon urushi qahramoni, o‘zining betakror jasorati bilan xalq xotirasida muhrlanib qolgan yurtdoshimiz Mamadali Topvoldiyev haqidagi “O‘zbek arsloni (Kazbek)” filmi, shuningdek, buyuk shoir va xalq qahramoni Pahlavon Mahmud hayotiga bag‘ishlangan “Xiva langari” filmi, dunyoga mashhur ikki mutafakkir hayoti va faoliyatini yorituvchi “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy” badiiy filmi, shuningdek, “Buxoro marvaridi” kabi tarixiy kinoasarlarni keng namoyish etish rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday ilmiy-amaliy anjumanlar milliy kino san’atini yanada rivojlantirish, uning ilmiy-nazariy asoslarini mustahkamlash hamda kino ijodkorlari faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, “Tirik tarix” dasturi va yangi kino loyihalari orqali milliy kino san’ati nafaqat xalqimizning boy tarixi va madaniy merosini ekranga olib chiqmoqda, balki yosh avlod qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik tuyg‘usi va tarixiy xotirani mustahkamlashga ham xizmat qilayotgani shubhasiz.
Zulxumor AKBAROVA