Amir Temur haqida yozilgan ikki tarixiy olmon nashrlari

    2023- yilda chop etilgan e'tiborga molik tarixiy nashrlar safida Azamat egamberdievning Amir Temur haqida yozilgan ikki tarixiy olmon nashrlaridan so'zlaguvchi “Buyuk hukmdor va ulkan nefrit toshi” deb nomlangan kitobi ham bor.

    – Hayotda inson, kitob va mamlakatlar bilan bo'lgan hech bir uchrashuv tasodifiy bo'lmaydi, – deydi muallif. – Bu uchrashuvlar ongimizni boyitadi, bizga yangi yo'llarni ko'rsatib, qiziquvchanligimizni oshiradi va bilimga bo'lgan tashnaligimizni qondiradi. Turli millat vakillarining uchrashuvi esa bu madaniy, iqtisodiy almashinuvni amalga oshirish, o'zga millat urf-odatlariga yuksak hurmatda bo'lish, har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish demakdir. O'zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o'rtasida o'rnatilgan aloqalar ham aynan shunday maqsadni ko'zlaydi.

    Azamat egamberdiev Germaniyada olib borgan tadqiqotlari jarayonida SHpayer shahrida Iohannes Shil`tberger ismli oddiy olmon o'g'lonining ajoyib memuarlari bilan tanishadi. Bu o'g'lon o'n olti yoshida Usmoniy Sulton Boyazid I Yildirimga asir tushadi. Keyin taqdir taqozosi bilan butun dunyoga mashhur bo'lgan bobokalonimiz – buyuk jahongir, hukmdor va sarkarda Amir Temurning xizmatida bo'ladi. Iohannes Shil`tberger Amir Temurga uning umrining oxirgi uch yili davomida xizmat qiladi. Sohibqiron o'limidan so'ng uning o'g'illari SHohruh va mironshohga ham bir necha yil sodiq xizmat qiladi.

    Shpayer shahrida muallif Samarqandda joylashgan Go'ri –Amir maqbarasidagi Amir temur qabri ustiga o'rnatilgan ulkan nefrit toshi haqida XIX asrda batafsil hikoya qilib bergan taniqli olmon olimi Leopol`d Xaynrix Fisherning maqolasi bilan ham tanishishga muyassar bo'ladi... Aynan o'sha davrda Azamat egamberdiev bu ajoyib nashrlar bilan vatandoshlarimizni tanishtirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'yadi.

    Chindan ham muallif ta'kidlaganidek, yaxshi kitoblar bilan bo'ladigan uchrashuvlar, albatta bizning hayotimizga o'zgacha sarguzashtlarni, yorqin sahifalarni taqdim etadi. Shunday ekan sohibqiron bobomiz haqida yozilgan mazkur kitob ham e'tiboringizdan chetda qolmasligiga ishonamiz.

    Zuhra MELIBOEVA,

    talaba