Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad yetakchi xorijiy va mahalliy oliy oʻquv yurtlari, ilmiy hamda innovatsion markazlar bilan hamkorlikda faoliyatni yoʻlga qoʻyish boʻlib, u quyidagi seksiyalarni oʻz ichiga oldi:
– Hisoblash fanlaridagi texnologik yutuqlar;
– Aqlli sogʻliqni saqlash uchun maʼlumotlar tahlili boʻyicha yutuqlar;
– Muhandislik va texnologiyalardagi soʻnggi innovatsion tendensiyalar;
– Tushuntirish mumkin boʻlgan sunʼiy intellekt;
– Ilmiy va muhandislik dasturlaridagi zamonaviy hisoblash usullari;
– Boshqaruv va texnologiyalarda maʼlumotlar tahlilini qoʻllash orqali raqamli transformatsiya;
– Turli tadqiqot dasturlaridagi hisoblashga oid sunʼiy intellekt;
– Hisoblash intellekti, buyumlar interneti va ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash.
Ushbu tadbirning ochilish marosimida Hindiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, Amiti universitetining bosh kampusining Hindiston Respublikasi rahbariyatidan janob Amol Chauhan, professor Gurinder Singx va yana boshqa koʻplab mehmonlar qatnashdi.
Konferensiyaga jami 600 dan ziyod ilmiy maqolalar taqdim etilgan boʻlib, ular orasidan saralab olingan eng yaxshi 90 tasining taqdimoti bilan AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya Federatsiyasi, Tayvan, Indoneziya, Malayziya, Hindiston va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar hamda yurtimizdan taklif etilgan olimlar oflayn va onlayn seksiyalarda faol ishtirok etdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.