Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasida boʻlib qaytgan edi.

Tashrif doirasida Rossiyaning yirik ish beruvchi kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazilib, Oʻzbekiston fuqarolarini ushbu korxonalarga ishga jalb qilish boʻyicha qator kelishuvlarga erishilgan.

Ushbu kelishuvlar doirasida Rossiya Federatsiyasi “Gazprom” kompaniyasining Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi qator qurilishlarda ishlash uchun 231 nafar fuqaro Navoiy xalqaro aeroportidan charter reys orqali joʻnab ketdi.

Taʼkidlash joiz, ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchi koronavirus bilan kasallansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan taʼminlanishi belgilangan, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.