Natijada yurtdoshlarimizni bir qator kasalliklarga davo izlab xorijdagi klinikalarga katta mablagʻ evaziga borishlariga va jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazib qaytishlariga hojat qolmayapti.
Yaqinda mazkur klinikada yana bir jiddiy va eʼtiborga molik voqea sodir boʻldi - urologiya sohasida Oʻzbekiston tibbiyotida birinchi marotaba noyob jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
Rossiyalik taniqli shifokor, Sankt-Peterburg shahridagi Ilya Ilich Mechnikov nomidagi Shimoliy-gʻarbiy davlat tibbiyot universiteti masofaviy litotripsiya kafedrasi mudiri, urolog, tibbiyot fanlari nomzodi Burlaka Oleg Olegovichning namanganlik hamkasblari bilan birgalikda oʻtkazgan jarrohlik amaliyoti nihoyatda murakkab boʻlib, bu jarayonda yillar davomida urologik kasallikdan aziyat chekib kelgan 6 nafar bemor darddan forigʻ boʻldi.
Taʼkidlash oʻrinliki, Burlaka Oleg Olegovich yevropa urologiya assotsiatsiyasi va Rossiya urologiya jamiyatining aʼzosi, prostata adenomasini minimal invaziv davolash boʻyicha taniqli mutaxassis va qariyb 20 yillik tajribaga ega shifokor. U ogʻriqli siyish va pastki qorinda ogʻriqlar shikoyati boʻlgan bemorlar bilan ishlaydi.
Rossiyalik shifokor “ANAMED” klinikasida yaratilgan zamonaviy shart-sharoit va jihozlarni koʻrib, nihoyatda mamnun ekanini yashirmadi va kelgusida ham nazariy va amaliy hamkorlik davom etishiga ishonch bildirdi.
Sanjarbek HAMIDOV