2022-yil 14-fevralda O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida o'zbek xalqining atoqli farzandi, mutafakkir, shoir, iste'dodli sarkarda, davlat arbobi, tarixchi, geograf, etnograf va qo'yingki serqirra olim Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag'ishlangan “Anda jonim qoldi mening” mavzuidagi badiiy-ma'rifiy kecha bo'lib o'tdi.
Tadbirni kirish so'zi bilan litsey direktori, iste'fodagi podpolkovnik Rustam Qosimov ochib berdi. Tadbir ishida Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o'qituvchilari ishtirok etdi. So'zga chiqqan notiqlar barchani bayram bilan qutlab, bobokalonimizni serqirra ijodkor ekanliklarini e'tirof etib, o'quvchilar uchun shoirning noma'lum bo'lgan hayotiy faktlarini so'zlab berishdi.
Ayniqsa, dotsent elmirza erkaevning ma'ruzasi o'quvchi yoshlarda katta qiziqish uyg'otdi. Notiq bobokalonimizning tog'lar osha Hirotdan Kobul shahriga qaytishlarini va bu yo'lda qanchalar mashaqqat chekkanlarini hamda bu qiyinchiliklarni sabot bilan engganlarini gapirib berdi. Universitet professor-o'qituvchilari bobomizning qalamiga mansub “Boburnoma” asari harbiy xizmatchilarning kitob javonidan, albatta, joy olishi darkorligini aytib o'tishdi.
Ma'ruzalar oralig'ida litsey o'qituvchilari Nargis Ishmatova va Xotira Irisboevalar rahbarligidagi litsey o'quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko'rinishlari va g'azalxonlik chiqishlari namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilarini litsey o'quvchisi Arslonbek Abdukarimov yaratgan Zahiriddin Muhammad Bobur obrazi o'ziga rom qildi.
Bu sahna ko'rinishi O'zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanidan olingan bo'lib, unda shox va shoirning o'lim sahnasi namoyish etildi. Tadbir o'quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o'qituvchilari bu kabi tadbirlarni muntazam o'tkazib borish, hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligini ta'kidladilar.
To'lqin Saydaliev,
O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori