Ish davomida korxona va obyektlarga bevosita chiqish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning may-iyun oylarida Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlariga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar bajarilishining monitoringi olib borildi va koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi oʻrganildi, dolzarb muammolar aniqlanib, ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi. Bundan tashqari, joylarda aniqlangan muammolarni hal etish uchun tegishli idoralar va tarmoq tashkilotlarini jalb qilgan holda topshiriqlarning ijro muddatlari hamda ijrosiga masʼul rahbarlar belgilandi.
Shuningdek, uchala viloyatda eksport va investitsiyalarni rivojlantirish boʻyicha Hukumat komissiyasi faoliyati davomida berilgan koʻrsatmalar va belgilangan amaliy chora-tadbirlar bajarilishi ham oʻrganildi. Joylarda sanoatni rivojlantirishni faollashtirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, sanoat klasterlari va erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, shuningdek, eksport salohiyatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar koʻrib chiqildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning yalpi hududiy mahsulot, sanoat ishlab chiqarish hajmlari va davlat byudjetiga tushumlarining oʻsishi hamda mahalliy aholini ish bilan taʼminlashga taʼsiri baholandi.
Eksportchilar va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni yuqori sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish uchun yechimi topilishi zarur boʻlgan masalalarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yangi ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, doimiy ish oʻrinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha vazirlik, idora, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati asosiy ustuvorlik sifatida qayd etildi.
Aynan shu formatda ish olib borish qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishni taʼminlash va ayni vaqtda sezilarli natijalarga erishish imkonini berayotgani taʼkidlandi — hududlarda ilgari ishlamay turgan korxonalar va yangi sanoat obyektlari ishga tushirilmoqda, ishlab chiqarishning yangi yoʻnalishlari oʻzlashtirilmoqda. Jumladan, ish safari davomida Hukumat komissiyasi aʼzolari bir qator ishlab chiqarish korxonalarining ochilishida ishtirok etdilar. Masalan, Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida issiqxona konstruksiyalarini qurishga moʻljallangan yuqori kuchlanishli oʻt oldirish simlari va metall quvurlar ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologiyali “Agro Impex Valley” korxonasi ochildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining tezkor harakatlari bilan ushbu korxonaning oʻz vaqtida ishga tushirilishi taʼminlandi.
Hukumat komissiyasi olib borgan ishlar yakunida Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari tuman va shaharlarida iqtisodiy oʻsishning eng muhim nuqtalaridan biri va aholi bandligini taʼminlashning asosiy manbai hisoblangan tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qoʻshimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi. Joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor aniqlash va hal etishning barqaror mexanizmlarini shakllantirish va amalga oshirish borasida izchil ishlarni olib borish zarurligi taʼkidlandi.
Topshiriqlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan doimiy ravishda monitoring olib borish vazifasi Bosh prokuratura zimmasiga yuklatildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.