Andijon shahar hokimi hibsga olingach “E-qaror” tizimi orqali qarorlar imzolanishi holati oʻrganilmoqda

    Mamlakatimizda 9 Iyun 2022 11452

    Internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda 6-iyun kuni qamoqqa olingan Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 6 va 7-iyun kunlari “E-qaror” elektron platformasida uning imzosi orqali tasdiqlangan 24 ta hujjat joylanligi yuzasidan xabarlar tarqaldi.

    Hozirda ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan 6 va 7-iyun kunlari qabul qilingan qaror va farmoyishlarning qonuniyligi joyiga chiqib oʻrganilmoqda.

    Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 6-iyun kuni Andijon shahar hokimi B.Xaydarov jinoyat ishi yuzasidan ushlangan boʻlib, unga sud ajrimiga koʻra qamoqda saqlash ehtiyot chorasini qoʻllanilgan.

    Oʻrganish davomida 2022-yil 6-iyun kuni soat 9:43 va 21:18 oraligʻida hamda 7-iyun kuni 18:10 va 21:07 oraligʻida hokimlik devonxonasi mudiri S. Qodirjonov tomonidan B.Haydarovga tegishli elektron raqamli imzodan foydalanilgan holda “E-qaror” platformasida 26 ta qaror va farmoyishlar imzolangan.

    “UZINFOCOM” MCHJ mutaxassislari tomonidan Andijon shahar hokimi B.Xaydarovning “E-qaror” elektron tizimidagi shaxsiy kabineti Adliya vazirligining koʻrsatmasiga asosan bloklandi.

    Ushbu jarayonda hujjatlarni sohtalashtirish ehtimoli borligini inobatga olib, tegishli materiallar prokuratura organlariga yuboriladi. Har bir qabul qilingan qarorning qonuniyligi oʻrganib boʻlmaguncha, ularni ijroga qaratish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan tegishli ijrochi organlarga xabarlar berildi.

    Oʻrganish yakunlari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.