Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari hamda viloyat Bojxona boshqarmasi harbiy xizmatchilari hamkorligida Izboskan tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, tekshirildi.

Natijada Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1986 y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvida bo‘lgan ushbu avtomashina salonida 1400 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmatning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1976 y.t. mahalliy fuqaroning sumkasidan 1092 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 200 gr “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Boshqa holatda esa “Marg‘ilon – Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “VAZ 21017” rusumli avtotransport vositasi Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilib, tekshirildi.

Natijada Qo‘qon shahrida yashovchi, 1985 y.t. shaxs boshqaruvidagi avtomashina salonida 99 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda har uchala holat bo‘yicha ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.