Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro A.I. boshqa bir fuqaro B.ni Janubiy Koreya davlati oliy taʼlim muassasalarining biriga oʻqishga kiritib qoʻyish va ishlash uchun yuborish evaziga 2 000 AQSH dollarini qoʻlga kiritib, keyinchalik 100 AQSH dollarini qaytarib berib, qolgan 1 900 AQSH dollarini shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departament hamda DXXning Toʻraqoʻrgʻon tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.T. fuqaro S.ni 3 000 AQSH dollari evaziga tanishlari yordamida Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish masalasini hal qilib berishni vaʼda qilib, shundan 1 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.