Maʼlum qilinishicha, Andijon shahrida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan shaxs bir nechta tashmachilar yordamida Qirgʻiz Respublikasidan “Doʻstlik” xalqaro nazorat-oʻtkazish punkti orqali bojxona nazoratini chetlab oʻtib olib kelingan tilla buyumlarni qabul qilib olgan. Qiymati taxminan 17 ming AQSH dollariga teng boʻlgan 162 gramm tilla buyumlarni olib, Andijon shahri tomon harakatlangan vaqtida u Xoʻjaobod tumanidagi YPX maskanida ushlangan.
Tezkor tadbirlar davomida ushbu shaxs orqali Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi, 1983-yilda tugʻilgan fuqaro 908 gramm platina metallini sotish uchun xaridor izlayotgani aniqlangan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur fuqaro qimmatbaho metallni shartli xaridorga 62 950 AQSH dollariga sotish vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga xabar berish soʻralgan. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.