Andijon va Surxondaryoda Soliq boshqarmalarining bosh inspektorlariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi

    Xavfsizlik 10 Iyul 2025 632

    Hozirda ushbu soliq idoralari xodimlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Qayd etilishicha, Andijon viloyati Soliq boshqarmasining Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash – xizmat koʻrsatish boʻlimi bosh inspektori mansab mavqeyidan foydalanib, Oltinkoʻl tumanida radio va teleapparaturalar savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ tomonidan soliq va yigʻimlar boʻyicha topshirilgan soliq hisobotlarida tovarlar realizatsiyasi toʻgʻri aks ettirilmaganligi natijasida MCHJga juda koʻp miqdorda soliq hisoblanishi hamda soliq tekshiruvi oʻtkazilishini aytadi.

    Soʻngra Soliq boshqarmasidagi hamkasblari orqali ushbu tekshiruvni oʻtkazmaslikni vaʼda qilib, evaziga 3000 AQSH dollari talab qiladi va muqaddam MCHJ taʼsischisidan 500 AQSH dollari oladi.

    Ammo, u qolgan 2500 AQSH dollarini olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasining Soliq organlari faoliyati ustidan nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Jarqoʻrgʻon tumanida mototsikllar va ehtiyot qismlar savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJga nisbatan oʻzining vakolatli hamkasblari orqali sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazish bilan qoʻrqitib, mazkur tekshiruvni amalga oshirmaslik evaziga MCHJ rahbaridan 2500 AQSH dollari olgan vaqtida DXX va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.