Andijon viloyati hokimi Asaka dehqon bozori rahbarini ishdan oldi

    Voqea-hodisalar 6 Iyul 2020 2235

    Asaka dehqon bozori rahbari tadbirkorlarni axloqsiz so'zlar bilan haqoratlagani hamda fuqarolar tomonidan bozor hududida tartib o'rnatilishini so'rab 2020 yil 5 iyul` kuni ijtimoiy tarmoqlarda qilgan murojaat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati quyidagilarni ma'lum qiladi

    Ushbu muammoli vaziyat yuzasidan Andijon viloyat hokimi SH.Abdurahmonovning ko'rsatmasiga asosan Andijon viloyat hokimligi, Asaka tuman hokimligi, Andijon viloyati bozorlar uyushmasi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan zudlik bilan ishchi guruh tuzildi va o'rganish ishlari olib borildi.

    Ishchi guruh tomonidan Asaka tumanidagi markaziy dehqon bozorida faoliyat olib borayotgan bir guruh tadbirkorlar tomonidan Asaka tumani dehqon bozori buzilmasligi hamda bozor rahbarini ishdan olinishini so'rab ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaati o'rganib chiqildi.

    Asaka dehqon bozori rahbari lavozimida ishlab kelgan Ravshanbek Mamayusupov tadbirkorlar bilan bo'lgan suhbatda ularni haqorat qilganligi aniqlandi.

    Fuqaro Ravshan Mamayusupovga tegishliligi aytilayotgan axloqsiz so'zlar ishlatilgan ovozli xabar yuzasidan hozirda Asaka tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Bundan avval Asaka tumani dehqon bozori rahbari lavozimida ishlab kelayotgan R.Mamayusupovning faoliyatida yo'l qo'ygan kamchiliklari, bozor hududidagi tartibsizliklar hamda tadbirkor va fuqarolarning murojaatlarini o'z vaqtida ko'rib chiqishdagi sustkashligi uchun Andijon viloyati hokimi SH.Abdurahmonovning topshirig'iga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

    Andijon viloyat bozorlari va savdo komplekslari uyushmasining 2020 yil 3 iyuldagi 04-sonli hamda Asaka tuman hokimligining 2020 yil 3 iyuldagi 7-sonli yig'ilish bayoniga ko'ra Asaka dexqon bozoriga SHaxobiddin YUsupov vaqtinchalik rahbar lavozimiga tayinlandi.

    Andijon viloyati hokimligi

    MATBUOT XIZMATI.