Andijon viloyati hokimi imijiga kim putur yetkazmoqchi?

    Voqea-hodisalar 23 Noyabr 2020 2026

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan audioyozuvlar yuzasidan Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi, soʻz va axborot erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimiz tomonidan jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, jumladan, soʻz va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror toptirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish davlat siyosati darajasiga olib chiqilayotgani butun dunyo hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotganini alohida taʼkidlash joiz.

    Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonda soʻz erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar oʻz qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda taʼminlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimiga tegishli audioyozuvlar (avvaldan yozib olingan) ketma-ket tarqatilayotganligi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokamalarga sabab boʻlayotganligi barchamizga maʼlum.

    Ushbu audiolarni ketma - ket tarqalishi ortida Andijon viloyati hokimiga nisbatan axboriy hujumlar uyushtirish, viloyatimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarga nisbatan xolisona fikr bildirayotgan jurnalistlar hamda fuqarolarning munosabatlarini boshqa tarafga yoʻnaltirish, viloyat hokimi hamda tadbirkorlar oʻrtasida sunʼiy toʻsiqlarni yuzaga keltirish kabi maqsadlar yotganligini sezish mumkin.

    Bir guruh ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 2 yil muqaddam yozib olingan audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlardan koʻchirib olinib, gʻarazli maqsadda uni maʼlum qismini kesib, “hayp” qilish niyatida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib borilmoqda.

    Soha mutaxassislarini jalb qilgan holda tarqalgan audioyozuvlarni oʻrganish ishlari olib borildi. Oʻrganish davomida shu maʼlum boʻldiki, audioyozuvlar “alohida mutaxassislar” yordamida turli xil audioyozuvlardan kesib olib, montaj qilinganligi maʼlum boʻldi.

    Misol uchun: “Andijon viloyati hokimining tadbirkorlarga munosabati” nomli audioda viloyat hokimining (1 daqiqa 6 soniyalik) tadbirkorlar bilan uchrashuvidagi nutqi yozib olinganligi va ijtimoiy tarmoqlarga joylanganligidan xabaringiz bor. Agar diqqat bilan eshitsangiz, ushbu audioning 59 - soniyasidan to 1 daqiqayu 6 soniyasiga qadar boʻlgan qismi boshqa audioyozuvdagi kontekst ekanligi, uni kesib olingan holda boshqa audioyozuvga ustomonlik bilan montaj qilinganligini koʻrishingiz mumkin (audioyozuvdagi tasvir va ovoz oʻzgarayotganligini sezish qiyin emas). Bu esa oʻz navbatida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab boʻlmoqda.

    Shuningdek, “Andijonda rahbarlar oyoq kiyimlarni reklama qilishmoqda...mi?” sarlavhasi ostidagi fotolavhalar ijtimoiy tarmoqlarga goʻyoki Andijon viloyati hokimining navbatdagi “qahramonligi” sifatida keng muhokamalarga sabab boʻldi. Aslida ham “shu kunlarda” Andijon viloyati hokimi talabalar yotoqxonasiga borib, ular bilan uchrashganmidi? (Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan Oliy taʼlim muassasalarida anʼanaviy darslar 16-noyabrdan qayta tiklandi. Xohlovchilar onlayn oʻqishlari mumkin).

    Xabaringiz bor, 2020-yil 15-mart kunidan boshlab Respublikamiz boʻylab kuchaytirilgan karantin choralari oʻrnatildi. Shu qatorida oliy taʼlim muassasalari ham vaqtincha oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Ijtimoiy tarmoqlarga joylangan rasm esa goʻyoki shu kunlarda olinganligini maʼlum qilishgan. Aslida esa ushbu fotolavha viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan 2019-yil 4-sentyabrda olingan.

    Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarga joylab borilayotgan bu audioyozuvlar yillar davomida bir guruh shaxslar tomonidan yigʻib borilganligi, bu ishlar viloyat rahbarining imijiga taʼsir koʻrsatish niyatida puxta oʻylangan reja asosida amalga oshirilayotganligini sezish mumkin.

    Ushbu audioyozuvlarni keng ommaga tarqatish ortida shaxsga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish uchun koʻzda tutilgan jazo choralari kuchaytirilganligini inobatga olgan holda mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

    Andijon viloyati hokimligi

    MATBUOT XIZMATI