Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamraevga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi ajrimi bilan o‘zgartirilgani turli talqin va taxminlar bilan muhokama qilinmoqda.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati aniqlik kiritadiki, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish, o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan jami 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rib, sudning 2025 yil 8 iyuldagi hukmi bilan tegishli jazolar tayinlangan.
Sud hukmiga nisbatan tuman prokurorning protesti va sudlanuvchilarning shikoyatlariga asosan jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apelleyatsiyasi instansiyasida ko‘rib, (26.12. 2025 y.) hukmning 24 nafar sudlanuvchiga tegishli qismlari o‘zgartirilgan.
Xususan, birinchi instansiya sudi hukmi bilan B. Hamraevga nisbatan tayinlangan 3 (uch) yil muddatga muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 7 (yetti) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi (u Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari bilan aybdor deb topilgan) jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirib borish sharti bilan 2 (ikki) yil 6 (olti) oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga o‘zgartirilgan.
Jinoyat kodeksi 167-moddasining 5-qismiga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
B. Hamraevga nisbatan tayinlangan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Ajrimdan norozi taraflar taftish tartibida shikoyat yoki protest bildirish huquqiga ega, deyiladi xabarda.
Botir Hamraev 2024 yilning noyabrida ushlangandi. Uning xonadonida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa holatlar bo‘yicha tergovga chaqirtirilgan va protsessual tartibda ushlangan.