Лого Лого-пв-уз

    Andijon viloyati sanoat salohiyatini oshirishning yangi imkoniyatlari

    Biznes 7 May 2022 343

    Joriy yil 6-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Andijon viloyatining iqtisodiy va sanoat rivojlanishining bugungi holatini oʻrganish maqsadida ushbu hududga joʻnab ketdi.

    Joylarga amalga oshirilgan tashrif davomida infratuzilmaning joriy holati, mahalliy sanoat korxonalari va ular tomonidan chiqarilayotgan mahsulotlar oʻrganildi.

    Tadbirkorlar va eksportchilar bilan ishlab chiqarish jarayonining amaliy jihatlari, ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlarning yangi turlarini oʻzlashtirish orqali korxonalar faoliyatini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot korxonalarning hozirgi holatini, texnologik jarayonini hamda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni oʻrganishga imkon berdi. Muammolar har tomonlama tahlil qilindi, shundan soʻng aniq yechimlar ishlab chiqildi, ularni amalga oshirish muddatlari va masʼul ijrochilar belgilandi.

    Tadbirkorlar va eksportchilar ishchi guruh aʼzolari bilan korxonalarni yanada kengaytirish va modernizatsiya qilish, ichki va tashqi bozorlarda talabgir va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarning yangi turlarining ishlab chiqarishini oʻzlashtirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi.

    Bevosita joylarda tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlarga zarur boʻlgan koʻmak koʻrsatish boʻyicha choralar belgilandi.

    Shu bilan birga, korxonalarga tashrif davomida foydalanilmagan zaxiralarni ishga solish hamda ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan yangi loyihalarni amalga oshirishda ularga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatish maqsadida ular bilan yaqin hamkorlik qilish orqali hududda investitsiyaviy, sanoat va eksport faoliyatini yanada kengaytirish istiqbollari oʻrganildi.

    Shu nuqtayi nazardan, ishchi guruh aʼzolari – vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga innovatsion texnologiyalardan foydalaniladigan toʻliq siklli ishlab chiqarish obyektlar sonini koʻpaytirish, tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish va eksport hajmini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.

    Shuningdek, infratuzilmaviy va ijtimoiy obyektlarning bugungi holati tahlili ham oʻtkazilgan tashrif yakunlari boʻyicha mutasaddi rahbarlarga oʻz faoliyatini ishbilarmon doiralar bilan toʻliq va uzluksiz hamkorlik qilishga, ishlab chiqarish obyektlarining toʻliq quvvatda ishlashini taʼminlashga, yangi ish oʻrinlari yaratishga va tadbirkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.