Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika shtabi rahbari, Bosh prokuror oʻrinbosari Salom Samadov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Andijon viloyatida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli oʻrganildi.

Xususan, viloyatda dasturlar doirasidagi byudjet mablagʻlari hisobidan 716 ta obyektlarda 1 trln 48 mlrd soʻmlik qurilish taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Oʻrganishlar jarayonida, 1,1 mlrd soʻmlik sifatsiz ishlar bajarilgani hamda 1,5 mlrd soʻmlik bajarilmagan ishlar hisobotlarga qoʻshib yozilganligi aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari qoʻrildi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlar boʻyicha 13 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar boʻyicha 35 ta yozma koʻrsatma berilishi taʼminlandi.

Oʻrganishlar yakuni boʻyicha soha boʻyicha barcha masʼullar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda obyektlarni foydalanishga topshirish, mablagʻlarni iqtisod qilish va yangidan boshlanuvchi obyektlarga shaharsozlik xujjatlarining ishlab chiqilishida buyurtmachi tashkilotlar va boshqa mutasaddilar tomonidan sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganligi alohida taʼkidlanib, bunga masʼul boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari eshitildi hamda kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq muddatlar belgilandi.