Andijonda 300 million dollarlik texnopark qurilishi boshlandi

    Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida 100 gektar maydonda «Andijon texnopark maxsus iqtisodiy zonasi«ni barpo etish ishlari boshlandi.

    Ushbu yirik investitsiya loyihasi Xitoyning “Zhongge Investment” kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Kuni kecha mazkur obyektning tamal toshi qoʻyildi.

    Tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, mahalliy faollar, soha mutaxassislari va investorlar ishtirok etdi.

    Loyiha-smeta hujjatlariga koʻra, 300 million dollarlik mazkur texnopark hududida shourumlar, mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari va 51 ta zamonaviy ishlab chiqarish zavodlari quriladi. Ular eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlanadi.

    Ushbu loyiha doirasida 82 turdagi qurilish materiallari (mixdan tortib, tom yopishgacha) ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Dastlab yiliga 60 million dollarlik tayyor mahsulotlarni qoʻshni davlatlarga eksport qilish yoʻlga qoʻyiladi.