Ayni yoʻnalishda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hisobiga yurtimiz gidroenergetika salohiyati yanada ortadi va arzon elektr energiyasi manbaini ishlab chiqarish keskin oshiriladi. Shu maqsadda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan respublika boʻyicha umumiy quvvati 125 megavatt, oʻrtacha yillik ishlab chiqarishi 675 million kilovatt-soat boʻlgan 250 ta mikro GES loyihalarining manzilli roʻyxati shakllantirildi.
Maʼlumki, gidroturbinalar tez oqim tufayli quvvat hosil qiladi. Suv qancha tez oqsa, u ham shuncha koʻproq elektr quvvati ishlab chiqaradi, qurilish jarayonida va foydalanish davrida tabiiy landshaft va atrof-muhitni buzmaydi. Suv sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi, u asl tabiiy xususiyatini yoʻqotmaydi. Ixcham GESlar har jihatdan foydali va nisbatan arzon elektr energiyasi ishlab chiqarishda qoʻl keladi.
Oʻtgan hafta oxirida Andijon tumanining Zavroq mahallasidan oʻtgan kanalning birinchi piketida quvvati 200 kilovatt, yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 million kilovatt-soat boʻlgan mikro GES ishga tushirildi. Eʼtiborli jihati, ushbu loyiha Andijon tumanidagi 300 ta xonadonni ekologik toza elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi.
Loyihaning umumiy qiymati 3,4 milliard soʻm, xususan, asbob-uskunalar 1,9 milliard soʻm, qurilish-montaj ishlari 1,5 milliard soʻmni tashkil etdi. Loyihaning oʻzini iqtisodiy jihatdan qoplash muddati 4,4 yilni boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Ahamiyatli jihati, loyihalashtirish, qurilish hamda uskunalarni oʻrnatish ishlari nisbatan qisqa vaqt oraligʻida, yaʼni 2 oyda amalga oshirilishiga muvaffaq boʻlindi. Bu vazifa “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan 10 kun muddatda ishlab chiqilgan boʻlsa, loyiha agregatlari “Suvsanoatmash” AJ ishlab chiqarish negizida, sanoat kooperatsiyasi asosida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda bir oyda tayyorlab berildi.
Oltinkoʻl tumanidagi Ulugʻnor kanalida qurilgan ixcham GES haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Quvvati 50 kilovatt, yillik ishlab chiqarish quvvati esa 360 ming kilovatt-soatni tashkil etgan mazkur mikro GES 150 ta xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega. Ushbu GES uchun charxpalak tipidagi agregatlar “Suvsanoatmash” AJda milliy brend asosida ishlab chiqarilgan.
Shuni alohida qayd etish joizki, birgina Andijon viloyatida aniqlangan dastlabki roʻyxatga koʻra, umumiy quvvati 19 megavattdan iborat 52 ta mikro GES qurish rejalashtirilgan. Shundan, joriy yilda umumiy quvvati 2 ming 130 kilovattli 7 ta qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, suv bosimida ishlovchi 3 ta mikro GES, 2 ta suv yuzida suzib turuvchi kinetik gidroagregat hamda 2 ta charxpalak turidagi loyihaning ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.
Eng muhimi, mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga mahalliy hududda uzluksiz elektr energiyasi taʼminotiga ega boʻlish bilan birga, salkam 40 ta muqim yangi ish oʻrni yaratiladi.
Qurilish-montaj ishlari tender savdolari orqali aniqlangan mahalliy pudrat tashkiloti tomonidan 45 kunda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, 2023–2024-yillarda Andijon viloyatida quvvati 6,9 megavatt, oʻrtacha yillik energiya ishlab chiqarish quvvati 33 million kilovatt-soatga teng “Janubiy Fargʻona kanalida JFK-3 GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu loyihani ishga tushirish orqali kelgusida Buloqboshi tumanidagi 14 ming xonadonni ekologik toza energiya bilan taʼminlash mumkin boʻladi.
Hududlarda “Oʻzbekgidroenergo” AJ va Hindistonning “MAKLEK” kompaniyasi oʻrtasida suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostida tayyorlash hamda amaliyotga keng tatbiq etish moʻljallangan. Mazkur innovatsion gidroagregatlar ham respublikada birinchi boʻlib aynan Andijon viloyatida — Xonobod shahridan oʻtgan Shahrixonsoyda 2023-yilning iyul oyida joriy etilib, jami quvvati 800 kilovatt boʻlgan 2 ta agregat oʻrnatiladi.
Viloyatda mikro GESlarni keng rivojlantirish uchun barcha zarur sharoit mavjud. Bunda mahalliy hudud tabiati ham gidroenergetikani izchil taraqqiy ettirishni taqozo etmoqda. Shu oʻrinda aytish lozimki, mikro GESlar xalq uchun nafaqat uzluksiz elektr energiyasi taʼminoti, doimiy ish oʻrinlari, balki, xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun kafolatlangan daromad manbai ham hisoblanadi. Taklif etilayotgan loyihalarning oʻzini qoplash muddati oʻrtacha 3–4 yilni tashkil etishini inobatga oladigan boʻlsak, mazkur soha yanada jozibadorlikka ega boʻladi.
Qolaversa, gidroenergetika taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish bilan birga, yangi qurilayotgan GESlar, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisi farovonligi oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan muntazam taʼminlanishiga, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim zamin yaratadi.
Ravshan BOYQULOV,
“Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati rahbari