Xalq deputatlari Andijon viloyat sessiyasida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning viloyat aholisiga qilgan murojaatida xalq taʼlimi tizimida amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olinganligi qayd etildi. Xususan, kelgusi yili umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari 26 foizdan 30 foizga oshiriladi.
Investitsiya dasturi asosida 22 ta taʼlim muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari olib boriladi. Natijada, qoʻshimcha 7 mingta yangi oʻquv oʻrni yaratiladi.
Viloyatda 750 oʻrinli 4 ta xususiy maktab tashkil etilib, nodavlat maktablar soni 21 taga yetkaziladi. Shu bilan birga, fizika-matematika, kimyo-biologiya va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan 12 ta maktab tashkil etiladi.
Taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan pedagoglarning sifat tarkibini yaxshilash maqsadida oliy toifali oʻqituvchilar ulushini 8,1 foizga (hozirda 6,5 foiz) va birinchi toifali oʻqituvchilar sonini 20,4 foizga (hozirda 17,6 foiz) yetkazish choralari koʻriladi.
Chet tilini bilish darajasi boʻyicha sertifikatga ega boʻlgan oʻqituvchilar soni 9,5 foizdan 16 foizga oshiriladi.
Viloyatdagi 170 ta taʼlim muassasalarining boʻsh turgan bino va yer maydonlari davlat-xususiy sheriklik asosida kasb-hunar oʻrgatish sharti bilan tadbirkorlarga berish orqali 13 ming nafar oʻquvchi kasb-hunar oʻrganishga qamrab olinadi.
Shuningdek, maktablardagi mavjud 729 ta texnologiya xonalarini qayta jihozlash hamda maktablarga yaqin hududlarda joylashgan kasb-hunar taʼlim muassasalari, 356 ta ishlab chiqarish korxona va tashkilotlarida oʻquvchilar uchun mehnat xonalarini tashkil etish orqali 190 ming nafar 7-11 sinf oʻquvchisining kasb-hunar oʻrganishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.