Andijonda bosqinchilik sodir etgan shaxslar aniqlandi

    Xavfsizlik 19 Yanvar 2021 1014

    8-yanvar soat 02:00 larda Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanida bosqinchilik sodir etilgan.

    Maʼlum boʻlishicha, ikki nafar nomaʼlum shaxs yuzlariga niqob kiyib olgan holda Qoʻrgʻontepa tuman Nurli yogʻdu MFYda yashovchi 60 yoshli Saxodatning uyining kirish eshigi oynasini sindirib kirib, pichoq bilan xonadon egasiga hujum qilib, unga zoʻrlik ishlatib, qoʻl va oyoqlari hamda ogʻzini skoch yordamida bogʻlab, quloqlaridagi 1 juft narxi 700 000 soʻmlik sirgʻasini, qoʻlidagi 1 dona narxi 300 000 soʻmlik uzugini talon-toroj qilib, hodisa joyidan nomaʼlum tomonga yashiringanlar.

    Mazkur holat yuzasidan Qoʻrgʻontepa tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Olib borilgan tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni 26 yoshli Umidjon hamda 38 yoshli Maqsadjonlar sodir etganligi aniqlangan. Jinoyatchilarni birining uyi tintuv qilinganda, jabrlanuvchiga tegishli boʻlgan 1 juft ayollar sirgʻasi, 1 juft qoʻlqop ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Jinoyat ishi boʻyicha Umidjon va Maqsadjonlar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib protsessual tartibda ushlanganlar.

    Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etyapti, deb xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.