Ijtimoiy tarmoqlarda xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati prokuror taqdimnomasiga koʻra daxlsizlik huquqidan mahrum qilinganligi haqida tarqalgan xabarlar jamoatchilik oʻrtasida keng muhokama qilinmoqda.

Bosh prokuratura mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida quyidagi maʼlumotlarni jamoatchilik eʼtiboriga havola etdi.

"Andijon shahar prokuraturasi tomonidan 2021-yil 3-mart kuni “Alliance R.C.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228 va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov tegishliligi boʻyicha Andijon shahar IIO Tergov boʻlimiga yuborilgan.

Aniqlanishicha, “Alliance R.C.” MCHJga Andijon shahar hokimining 15.07.2017-yildagi qarori bilan Andijon shahar, Boʻston dahasi, U.Yusupov koʻchasida joylashgan 4.0 gektar yer maydoni koʻp qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat koʻrsatish shohobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bogʻ yaratish uchun ajratilgan.

Biroq, “Alliance R.C.” MCHJ mansabdor shaxslari yer va shaharsozlikka oid qonun va meʼyoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan oʻzboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan.

Shu bilan birga, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan “Arxitektura meʼmoriy rejalashtirish topshirigʻi”ni sohtalashtirib, hokim qarorida koʻrsatilgan 4 gektar yer maydoniga qoʻshimcha ravishda yana 6 gektar yer maydonini qoʻshib olib, jami 10 gektar yer maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan.

Buning oqibatida mazkur 6 gektar yer maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan yer uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilgan.

Bundan tashqari, oʻzboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qilingan 0.36 gektar yer maydonlarini elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yoʻqotilgan va davlat byudjetiga 190,8 mln. soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.

Tergov harakatlari davomida “Alliance R.C.” MCHJning rahbari hisoblangan Sh.K. xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati ekanligi aniqlangan.

Toʻplangan hujjatlarga koʻra, deputat Sh.K.ni ayblash uchun asoslar yetarli deb topilib, 2021-yil 6-may kuni shahar prokurori tomonidan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga deputatlik maqomidan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Taqdimnoma 2021-yil 17-may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida koʻrib chiqilib, Sh.K.ning deputatlik maqomi bekor qilingan.

Ish boʻyicha tergov harakatlarini har tomonlama, toʻla va xolisona oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida jinoyat ishi Izboskan tumani prokuraturasiga topshirilgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, qonunchilikda tergov harakatlariga aralashish, yaʼni uni har tomonlama, toʻla va xolisona oʻtkazilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazganlik uchun tegishli javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda quyi turuvchi prokurorga koʻrsatmalar berish yoxud uning har qanday, shu jumladan, protsessual qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish, prokurorlar ishlarining toʻgʻri tashkil etilishi faqat yuqori turuvchi prokuror tomonidan amalga oshirilishi qatʼiy mustahkamlangan, deyiladi boyonotda.