Shahar prokuraturasi sog‘liqni saqlash tizimini nazorat qilish bo‘yicha hisobot taqdim etdi.

Xalq deputatlari shahar Kengashida Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A.Urmanovning qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlarning 2025-yildagi holati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Xususan, sog‘liqni saqlash tizimi, ayniqsa, reproduktiv salomatlikni ta’minlash sohasidagi holat nazoratga olindi.

Xususan, o‘tgan yili poytaxtda 254 ta bolalar o‘limi va 7 ta onalar o‘limi qayd etilib, ularning har biri tibbiy kengashda ko‘rib chiqilgan. 57 nafar tibbiyot xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlandi.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, o‘quvchilar va o‘qituvchilarning huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha ishlar olib borildi.

Xususan, Mehribonlik uylari bitiruvchilarining uy-joy bilan ta’minlanganligi tahlil qilindi. Natijada 2025-yilda 91 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uy-joy bilan ta’minlandi.

Poytaxtimizdagi umumta’lim maktablarida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida 14 ming 890 ta tadbir o‘tkazilib, 14 ming 798 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi.