Maʼlum qilinishicha, aholiga tuhfa yoki yordam sifatida televizor, muzlatgich yoki isitgich kabi maishiy texnikalar topshirish bir tomondan ularning elektr uchun harajatini ko‘paytirmoqda. Moddiy yordam so‘rab murojaat qilayotgan fuqarolar ham aksar hollarda elektrdan qarzdorlik sabab yordam so‘ramoqda.
"Xonadonlarni yo‘qlab borganda yoki bayram kunlarida insonlarga televizor yoki boshqa texnikalar sovg‘a qilganda ko‘ra, quyosh paneli topshirsak va o‘rnatib ham bersak, ularning oilasiga har tomonlama ko‘proq foyda bo‘lar ekan", – dedi viloyat hokimi.
Shundan kelib chiqib, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatishda quyosh paneli topshirishni joriy qilish ko‘zda tutiladi.
"Bu orqali o‘sha xonadonning elektr energiyasi barqarorlashadi, xarajati kamayadi, to‘lovdagi yetishmovchiliklar ortda qoladi, xonadonni isitish osonlashadi va oilaning hozirdagi asosiy muammolaridan bir nechtasi yechim sari yuzlanadi", – deyiladi xabarda.