Har bir davlatning izchil taraqqiyoti korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash bilan chambarchas bogʻliq. Zero, bu illat ildiz otgan jamiyat tanazzulga mahkumdir. Shu bois, mamlakatimizda ushbu xavfga nisbatan «favqulodda holat« eʼlon qilinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keskin choralar koʻrilmoqda. Navbatdagi tezkor tadbir Andijon viloyatida oʻtkazildi.
Aniqlanishicha, Baliqchi tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda fuqaroning ishonchiga kirgan. U mansabdor tanishlari orqali fuqaroning qarindoshini FVB tizimiga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, evaziga 1800 AQSH dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbir davomida, inspektor soʻralgan mablagʻni tumandagi ovqatlanish shoxobchalaridan birida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berishda ishtirokchilik) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.