Andijonda jihodchilarning yashirin jamoati faoliyatiga chek qoʻyildi

    Shu yilning may oyida Andijonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tadbirlar davomida jihodchilar diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati faoliyati aniqlandi.

    Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

    Qayd etilishicha, Andijon shahrida yashovchi 1981-yilda tugʻilgan U.A. oʻz atrofiga 12 nafar shaxslarni yigʻib, jamoat tuzgan. Jamoat aʼzolari shahardagi turli choyxonalarda toʻplanib, kelgusida Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotiga qoʻshilishni niyat qilgan. Shuningdek, ular oʻzaro “Baytulmol” koʻrinishida pul mablagʻlari yigʻib, oʻz tarafdorlariga berib kelgani maʼlum boʻldi.

    Jamoat aʼzolarining xonadonlarida oʻtkazilgan tintuv tergov harakatlari davomida turli diniy ekstremistik adabiyotlar va boshqa ashyoviy dalillar olindi.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.