Maʼlum qilinishicha, ichki ishlar boshqarmasining probatsiya guruhi inspektori 1989-yilda tugʻilgan mahkuma ayoldan moddiy manfaat koʻzlab, tamagirlik yoʻli bilan pul talab qilgan.

Inspektor ayolga goʻyoki firmaning qarzi uchun ikki oy davomida oʻz hisobidan 800 ming soʻm toʻlab kelayotganini bahona qilib, undan jami 1 million 600 ming soʻm olishga uringan.

Bu holatni jinoyat sifatida baholagan mahkuma ayol Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasiga murojaat qilgan.

Murojaat asosida oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi hamda maxsus yigʻilish natijasida inspektorning noqonuniy xatti-harakatlari atroflicha muhokama qilinib, u ichki ishlar organlari tizimidan oʻz xohishi bilan boʻshatilgan.

Taʼkidlanishicha, xizmat intizomiga zid boʻlgan mazkur holat barcha xodimlar ishtirokida koʻrib chiqilib, qonun ustuvorligi va tizimda halollik tamoyillariga qatʼiy amal qilinishi yana bir bor eslatib oʻtilgan.