Viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maʼlum qilishicha, bugun, 5-sentyabr kuni soat 12:05da Andijon tumanida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan va siqilgan gaz toʻldirish shoxobchasi hududida yongʻin sodir boʻlayotgani toʻgʻrisida boshqarmaga murojaat kelib tushgan.
Xabarda aytilishicha, gaz toʻldirish shoxobchasi hududida taxminan 5 tonnali yoqilgʻi saqlash sigʻimiga ega “MAN” rusumli yoqilgʻi tashuvchi avtomobili sisternasidan propan suyultirilgan gazni toʻkish vaqtida texnologik jarayon buzilishi oqibatida yongʻin kelib chiqqan.
Yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari hodisa joyiga soat 12:13 da yetib borib, yongʻin soat 12:26 da oʻrab olingan hamda 13:03 da toʻliq bartaraf etilgan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan maʼlumotlarga koʻra, mazkur hodisa oqibatida tan-jarohati olganlar aniqlanmagan.









