Bugun global ziddiyat va beqarorliklar kuchayib borayotgan bir vaqtda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash har bir davlat oldida turgan dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Ayniqsa, mazkur holat mamlakat xavfsizligi va jamiyat barqarorligini ta’minlashni kechiktirib bo‘lmas vazifa sifatida kun tartibiga qo‘ymoqda.
Mana shunday sharoitda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, milliy mustaqillikni asrash hamda uni yanada mustahkamlash tobora dolzarblashib bormoqda.
Qayd etish kerakki, mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlashning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning millati, irqi va tilidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi kafolatlangan.
Qolaversa, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tili, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish hamda rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratish davlatning bosh tamoyillaridan biridir. Shu jihatdan olib qaraganda, Konstitutsiyamiz millatlararo totuvlikning nafaqat siyosiy, balki huquqiy poydevorini ham belgilab beradi.
Bu tamoyillar ta’lim tizimida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darslar o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida o‘tilmoqda.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Keyingi yillarda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni qaror toptirish, ko‘p millatli xalqning yagona oila sifatidagi birligini yanada kuchaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatini tizimli muvofiqlashtirish maqsadida maxsus davlat organi — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita samarali faoliyat yurityapti. U turli millat vakillarining madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
Jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 30-iyul Xalqlar do‘stligi kuni sifatida belgilandi.
Ushbu sanaga bag‘ishlab “Do‘stlik” haftaligi va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivali kabi yirik xalqaro tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Shuningdek, yurtimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyilarni rag‘batlantirish maqsadida “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.
Prezidentimiz mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘lishini ta’kidlab, yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni e’lon qildi.
Albatta, ularning har biri mamlakat hayotining muayyan yo‘nalishini qamrab olgan bo‘lib, yettinchisi O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishni nazarda tutadi. U yurtimizda qaror topgan millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va ijtimoiy hamjihatlik muhitini asrash va yanada boyitishni maqsad qilgani bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘zaro ahil va hamjihat hayot kechirmoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyati turli millatlar tili, madaniyati va an’analarini asrashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Yettinchi milliy dastur ichki taraqqiyot va tashqi siyosat vazifalarining o‘zaro uyg‘unligida namoyon bo‘ladi. Zero, tinchlik va millatlararo totuvlikning mustahkamligi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar uchun barqaror muhitni ta’minlashga xizmat qiladi.
Sohadagi eng muhim hujjatlardan biri davlatimiz rahbarining 2019-yil 15-noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasidir. Ushbu hujjatda millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlash, millat va elatlarning etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlash, jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik va tinchlikni mustahkamlash davlat siyosatining muhim maqsadlari sifatida belgilangan.
Konsepsiyada milliy birlikni mustahkamlash, etnik guruhlarning tili, urf-odat va an’analarini hurmat qilish hamda bag‘rikenglik muhitini rivoj¬lantirish ustuvor vazifalar sifatida tilga olingan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, yettinchi milliy dastur mazkur huquqiy-institutsional asoslarni yangi bosqichda takomillashtirishga qaratilgan strategik yo‘nalishdir.
Shu bilan birga, 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun ham jamiyatda tinchlik va bag‘rikenglik muhitini ta’minlashning muhim huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhimi, dastur O‘zbekistonning tinchlikparvar qiyofasi, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni uyg‘un rivojlantirishga asoslangan muhim ijtimoiy-siyosiy omil sifatida namoyon bo‘ladi.
Mintaqamiz hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Natijada mintaqada savdo, investitsiya va transport aloqalari sezilarli darajada kengayib bormoqda. Bu esa qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegaraoldi savdo-sanoat zonalari va yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga zamin yaratmoqda.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari o‘zaro ishonch va hamkorlikni kuchaytirmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatlari esa mintaqa davlatlarining xalqaro hamkorligini yanada kengaytirmoqda. Eng asosiysi, Markaziy Osiyodagi yangi hamkorlik muhiti tinchlik va barqarorlikni mustahkamlab, mintaqaviy taraqqiyotga xizmat qilmoqda. Yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaat esa bu hamkorlikning asosiy tayanchiga aylanmoqda.
Aytish joizki, yettinchi milliy dastur doirasida mamlakat nufuzini yuksaltirishda bag‘rikenglik g‘oyasini ijtimoiy institutlar orqali mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bag‘rikeng¬likni jamiyatda barqaror qadriyatga aylantirish, eng avvalo, ta’lim, mahalla, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va madaniy tashkilotlarning o‘zaro tizimli hamkorligi orqali ta’minlanadi.
Buning uchun ta’limda millatlar¬aro va madaniyatlararo muloqotni kuchaytirish, yoshlarda turli madaniyatlarga hurmat muhitini shakllantirish, milliy-madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalarida hamjihatlik g‘oyalarini keng yoritish, mahalla va fuqarolik jamiyati hamkorligini rivojlantirish zarur.
Bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan, adovat va nizoni targ‘ib qiluvchi axborotlarga qarshi mediasavodxonlikni oshirish, turli millat va din vakillari o‘rtasida madaniy-gumanitar muloqotni kengaytirish talab etiladi. Albatta, mazkur yondashuvlar madaniyatlararo muloqot, ijtimoiy ishonch va hamjihatlikni kuchaytirishga zamin yaratadi.
Bag‘rikenglikni mustahkamlash oila, ta’lim, mahalla, fuqarolik jamiyati, OAV va madaniyat muassasalari hamkorligiga tayanadi. Bu yondashuv bag‘rikenglikni tadbir doirasidan chiqarib, jamiyatning kundalik hayotidagi muhim qadriyatga aylantiradi. Shu nuqtayi nazardan, dastur doirasida mamlakat nufuzini yuksaltirish “ichki totuvlik — mintaqaviy hamkorlik — xalqaro muloqot” uyg‘unligida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonning tinchlikparvar davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlashda ichki barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va xalqaro hamkorlik muhim hisoblanadi. Yettinchi milliy dasturda bu maqsadlarga erishishda quyidagi yo‘nalishlar ustuvorlik kasb etadi.
Birinchidan, millatlararo totuvlikni muntazam o‘rganish va ijtimoiy ishonch, bag‘rikenglik hamda hamkorlik darajasini baholash.
Ikkinchidan, yoshlarda madaniyatlar¬aro muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni qo‘shma ijtimoiy loyihalarga keng jalb etish.
Uchinchidan, milliy-madaniy markazlar, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini kuchaytirib, ularni muloqot va hamjihatlik maydoniga aylantirish.
To‘rtinchidan, raqamli muhitda bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish va ijtimoiy keskinlik keltirib chiqaruvchi axborotlarga qarshi mediasavodxonlikni oshirish.
Beshinchidan, “tinchlik va do‘stlik diplomatiyasi”ni madaniy-gumanitar loyihalar, ilmiy anjumanlar, yoshlar forumlari orqali kengaytirish muhimdir. Ayniqsa, ilmiy anjumanlar, madaniyat kunlari, talabalar almashinuvi va yoshlar forumlari mamlakatning ijobiy xalqaro qiyofasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yettinchi milliy dastur doirasida O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markazlaridan biriga aylantirish ko‘p qirrali, ochiq va muvozanatli tashqi siyosatni izchil davom ettirishni taqozo etadi. Bunda barcha davlatlar bilan o‘zaro hurmat, tenglik va manfaatdorlik asosida hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Rasmiy yondashuvlarda ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi rolini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Ayniqsa, bu jarayonda iqtisodiy diplomatiya muhim o‘rin tutadi. Savdo va investitsiyalarni kengaytirish, eksportni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda transport-logistika va sanoat hamkorligini rivoj¬lantirish mamlakat tashqi siyosatining amaliy samaradorligini oshiradi.
O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosati uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Muhimi, bugun Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
MDH, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi bilan yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi. O‘zbekiston bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
Mamlakatimiz 2027-2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, yurtimizning xalqaro diplomatiyadagi faolligini yanada oshiradi. O‘zbekistonning dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilmaga ilk bor raislik davrida tinchlik, o‘zaro ishonch, bag‘rikenglik va ko‘p tomonlama muloqotni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishi rejalashtirilgan.
Shu jihatdan Qo‘shilmaslik harakatiga raislik O‘zbekistonning tinch¬likparvar va ochiq tashqi siyosatini namoyon etish, xalqaro muloqotni kengaytirish va global hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda “Markaziy Osiyo plyus” formatlari kengayishi mintaqaning xalqaro maydondagi faolligi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. O‘zbekis¬tonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari strategik sheriklikning yangi bosqichida rivojlanib bormoqda.
Xususan, 2025-yil oktabrda imzolangan O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik bitimi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Hamkorlik savdo, transport, raqamlashtirish, energetika, “yashil” texnologiyalar va kritik xomashyo kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olmoqda. O‘zaro hamkorlik eksport-importdan tashqari investitsiya, texnologiya va zamonaviy infratuzilma yo‘nalishlarida ham tobora kengayib bormoqda.
Kengaytirilgan sheriklik bitimi 2026-yildan vaqtincha amalga kiritilib, savdo va investitsiyalarni diversifikatsiyalash hamda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar ochdi. Transport, energetika, raqamlashtirish va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik kengayishi, 2026-yilda Yevropa inves-titsiya bankining Toshkentda mintaqaviy vakolatxona ochishi sheriklikning amaliy ko‘lami ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Umuman olganda, ikki tomonlama strategik sheriklik Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirib, O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini mustahkamlamoqda.
So‘nggi yillarda Sharqiy Yevropa, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar munosabatlar ham faollashdi. 2025 yilda Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay bilan yuqori darajadagi muloqotlar ko‘paygani O‘zbekiston tashqi sheriklik geografiyasi kengayib borayotganini namoyon etdi.
Umuman olganda, tashqi aloqalar kengayishi O‘zbekistonga yangi bozor va hamkorlik imkoniyatlarini ochib, xalqaro maydondagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, global va mintaqaviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosat qat’iy davom ettirilmoqda. Afg‘oniston O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutib, uning barqarorligi va taraqqiyoti Markaziy Osiyo xavfsizligi hamda mintaqaviy hamkorlik bilan chambarchas bog‘liq.
Yettinchi milliy dastur tashqi siyosat vazifalaridan tashqari ichki barqarorlik, millatlararo totuvlik va mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish hamda hamkorlikni bog‘lovchi muhim strategik yo‘nalish hisoblanadi. Chunki jamiyatda tinchlik va hamjihatlik qanchalik mustahkam bo‘lsa, mamlakatning tashqi siyosatdagi ishonchli va tinchlikparvar qiyofasi shunchalik ortadi. Ahamiyatlisi, ushbu dasturning mazmun-mohiyatida bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni jamiyatning muhim boyligi sifatida asrash, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan vazifalar o‘zaro uyg‘unlashgan.
Mazkur yondashuv ichki barqarorlikni tashqi siyosatning ijtimoiy poydevori, aloqalarni esa mamlakat nufuzini yuksaltirishning muhim omili sifatida namoyon etadi. U mamlakatdagi tinchlik va hamjihatlikni ichki taraqqiyot hamda xalqaro nufuzni mustahkamlash omiliga aylantiradi. Dastur doirasida O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng mamlakat sifatidagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ishlar, avvalo, jamiyatda o‘zaro ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlash uchun zamin yaratadi.
Mamlakatda tinchlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitining barqarorligi ichki taraqqiyot uchun mustahkam ijtimoiy asos bo‘ladi. Kelgusida bu jarayon xalqaro hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, xorijiy davlatlar bilan ishonchli muloqotni mustahkamlashga yanada ravon yo‘l ochadi. Shuning uchun dastur turli millat vakillari o‘rtasidagi totuvlik va bag‘rikenglik, yoshlarda umuminsoniy qadriyatlarga ehtirom, fuqarolik burchi hamda Vatanga daxldorlik hissini yuksaltiradi. Eng muhimi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar O‘zbekistonning tinchlikparvar davlat sifatidagi xalqaro qiyofasini mustahkamlash bilan birga ichki barqarorlik va taraqqiyotga ham xizmat qiladi.
Shunday ekan, yettinchi milliy dasturni amalga oshirishda tinchlik, do‘stlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik qadriyatlarini singdirish, milliy xilma-xillikni asrab-avaylash, fuqarolik birdamligini mustahkamlash va madaniyatlararo muloqotni kuchaytirish muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi.
Dasturning strategik ahamiyati shundaki, u tinchlik va do‘stlikni jamiyat barqarorligi hamda mamlakat nufuzini mustahkamlovchi omil sifatida belgilaydi.
Prezidentimiz qayd etganidek: “Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz! Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi. Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!”.
Shunday ekan, donishmand xalqimizning bukilmas irodasi kuchi va salohiyatiga tayangan holda yurtimizni yanada farovon, obod qilishda mashaqqatli mehnat, fidoyilik va yuksak mas’uliyatni his etish strategik vazifamiz ekanini barchamiz teran anglashimiz lozim.
Mansur MUSAYEV,
siyosiy fanlar doktori, professor