Andijonda qoʻshimcha 1 035 ta xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi

    Energetika 21 Oktabr 2021 1357

    Andijon viloyatining elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufidagi 220 kV kuchlanishli “Xakan” podstansiyasiga 200 MVA yangi zamonaviy transformator oʻrnatildi.

    Shu vaqtga qadar 103 foiz oʻta yuklama bilan ishlayotgan 220 kVli “Xakan” podstansiyasida joriy yilda 1 ta 125 MVA transformator oʻrniga 200 MVAli transformator oʻrnatilib, viloyatda jami 75 MVA qoʻshimcha quvvat yaratildi.

    Kattaroq quvvatga ega ushbu transformatorning oʻrnatilishi viloyatni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun qariyb 207 ming kVt/soat qoʻshimcha quvvatni yetkazib berish imkonini beryapti. Bir xonadonda bir oy davomida oʻrtacha 200 kVt/soat elektr energiyasi isteʼmol qilinishini hisobga olsak, bu quvvat hajmi 1 035 ta qoʻshimcha xonadonni taʼminlash imkonini beradi.

    Amalga oshirilgan ishlar natijasida, Andijon shahri, Andijon, Oltinkoʻl, Izboskan, Jalaquduq va Xoʻjaobod tumanlarining kuz-qish mavsumida elektr energiya taʼminoti yaxshilanishiga erishildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.