Andijonda sifatsiz biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqargan shaxs javobgarlikka tortildi

    Andijonda MCHJ rahbari sifatsiz, sanitariya-epidemiologik sertifikatlarining muddati oʻtgan 20 xil turdagi biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqarib kelgani aniqlandi.

    Qayd etilishicha, Andijon shahrida joylashgan ishlab chiqarish korxonasi rahbari F.R. isteʼmolchilarning hayoti va sogʻligʻi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan, sanitariya-epidemiologik sertifikatlarining muddati oʻtgan 20 xil turdagi 2 419 dona biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqarib, saqlab kelgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Paxtaobod tuman sudi tomonidan mazkur shaxs aybli deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida, yaʼni 10 200 000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.

    Majburiy ijro byurosi Andijon shahar boʻlimi tomonidan jarima pullarini toʻlashi yuzasidan fuqaro ogohlantirilib, ijro harakatlari davomida jinoiy jarima pullari toʻliq undirildi.