“Doʻstlik” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelayotgan ikki nafar ayolning yuklari bojxona nazoratidan oʻtkazildi. Ulardan birining oʻzi foydalanishi uchun moʻljallangan kiprik boʻyogʻi (tush) idishi ichiga uch dona quyma oltin yashirincha joylangani aniqlandi. Uning hamrohi esa tilla boʻlaklarini atir idishi hamda ruchka ichiga mohirlik bilan joylashtirgan holda olib oʻtishga urindi.
Shuningdek, ushbu post orqali harakatlangan yana bir fuqaro shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilganida zargarlik buyumlarini bosh doʻppisining ichiga joylab, olib oʻtmoqchi boʻlgani maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 244-son qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normasi avtomobil va piyoda oʻtkazish punktlari orqali 300 AQSh dollari miqdorida belgilangan. Mazkur talablar zargarlik buyumlariga ham tatbiq etiladi. Bunda buyumlarning tayyor zargarlik mahsuloti boʻlishi hamda notijorat maqsadlarda olib kirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.